O‘zbekiston tarvuzi Xitoy bozoriga yo‘l olmoqda (+video)
O‘zbekiston tarvuzi Xitoyning ulkan bozoriga chiqishi uchun fitosanitariya ruxsati olindi. Bu yangi imkoniyat ortida qanday qat’iy talablar va istiqbollar turibdi?
Xitoy — dunyodagi eng yirik iste’mol bozorlaridan biri. Bu mamlakatga mahsulot eksport qilishda o‘ziga xos talablar joriy etilgan. Qat’iy standartlarga amal qilgan korxonalar yuqori qo‘shilgan qiymatli bozorlarga doimiy eksportni yo‘lga qo‘yishi kafolatlangan. O‘zbekistonda yetishtirilgan tarvuzning Xitoyga eksportiga fitosanitariya ruxsatining olinishi ana shu yo‘nalishdagi yangi imkoniyat.
Aytish kerakki, O‘zbekiston tarvuzi tashqi bozorlarda allaqachon o‘z xaridorlariga ega bo‘lgan. Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatimizdan 233 ming tonnadan ortiq poliz mahsuloti eksport qilingan. Asosiy bozorlar MDH davlatlari. Endi esa eksport geografiyasini yanada kengaytirish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
- Xitoyga yuboriladigan tarvuz Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan ro‘yxatga olingan hamda Xitoy tomonidan tasdiqlangan dala va qadoqlash sexlaridan eksport qilinadi, - deydi qo‘mita mutaxassisi Arofat Hasanova. – Bu dalalarda doimiy fitosanitariya monitoringi yuritiladi. Mahsulot karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan organizmlardan, xususan qovun pashshasidan xoli bo‘lishi shart. Har bir qadoqda mahsulot nomi, kelib chiqish joyi, dala va qadoqlash sexining kodi xitoy yoki ingliz tilida ko‘rsatiladi. Eksportdan oldin har bir yuk karantin nazoratidan o‘tkazilib, fitosanitariya sertifikati bilan rasmiylashtiriladi. Talablar buzilganda ushbu korxonadan eksport butun mavsum davomida to‘xtatilishi mumkin.
Xitoy bozorining imkoniyatlarini raqamlarda tahlil qilish mumkin. Xitoy bosh bojxona ma’muriyati ma’lum qilishicha, 2024-yilda Chin yurtiga xorijdan qariyb 296 ming tonna tarvuz import qilingan. Ularning umumiy qiymati 47,8 million dollarga teng. Asosiy yetkazib beruvchilar Myanma va Vetnam bo‘lgan. Bundan tashqari, mahalliy iste’molchilar orasida talab yuqori bo‘lgan gilos, o‘rik, shaftoli kabi boshqa turdagi mevalarni Chili, AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi importchilar yetkazib bergan.
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar endi xalqaro maydonda ana shunday munosib raqobatchilar bilan tenglasha oladigan darajada mahsulot eksport qilishi mumkin bo‘ladi.
Sanjar Toshpo‘latov,
Anvar Ahmedov,
O‘zA