Tojikistonlik fermerlar Arnasoyda paxtachilik tajribasini o‘rgandi
Tojikistonning Sug‘d viloyati Bobojon G‘afurov tumani fermerlari Jizzax viloyati Arnasoy tumanida bo‘ldi. Mehmonlar paxta yetishtirishdagi zamonaviy agrotexnologiyalar va hosil parvarishi tajribasini o‘rgandi. Uchrashuvda ikki hudud dehqonlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Arnasoy tumanidagi paxta dalalariga nazar tashlar ekansiz, oppoq chanoqlar orasidagi mehnat manzarasi kishini o‘ziga tortadi. Bir-biriga tutashib ketgan ekin maydonlari, hosilni ko‘zdan kechirayotgan dehqonlar, har bir g‘o‘zadagi natijani sinchiklab baholash – bularning barchasi paxtachilikdagi mashaqqat va izlanishlar samarasidan darak beradi. Dala muloqotida Jizzax viloyatiga qo‘shni Tojikistonning Sug‘d viloyati Bobojon G‘afurov tumanidan kelgan fermerlar ishtirok etdi.

Tuman hokimi Odil Musanov hamrohligida paxtazorlarni aylangan mehmonlar ekinlarni parvarishlash usullari, qo‘llanilayotgan agrotexnologiyalar va hosil yetishtirish tajribasiga alohida qiziqish bildirdi. Savollar, fikr almashuvlar va daladagi kuzatuvlar suhbatning asosiy mazmunini tashkil etdi. Axir, dehqon uchun eng ishonchli dalil – qog‘ozdagi raqamdan ko‘ra, yer bag‘rida yetishtirilgan hosilning o‘zi.
– Arnasoy paxtazorlari haqidagi videolarni internetda ko‘rganimizda, bu manzaralar sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandik. Paxtaning bunday keng maydonlarda yetishtirilayotganini ko‘rib, hayratlandik. Endi esa o‘zimiz kelib, barchasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Bu yerdagi tajribani o‘rganish biz uchun juda qiziq, – deydi “Sharifa sarkor” fermer xo‘jaligi raisi Ravshan Hojiyev.

Uning gaplarida hayrat bilan birga, ko‘rilgan tajribani chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoq ham seziladi. Daladagi har bir manzara mehmonlar uchun yangi taassurot, har bir muloqot esa qishloq xo‘jaligidagi amaliy yondashuvlarni taqqoslash imkonidir.
– Rostini aytsam, internetda ko‘rganimizda bunchalik bo‘lishiga ishonishimiz qiyin edi. Arnasoyga kelib, paxtazorlarni aylanganimizdan keyin tasvirlar haqiqiy ekaniga amin bo‘ldik. Bu yerdagi ish usullari bilan tanishish, tajriba almashish va o‘zimiz uchun foydali jihatlarni o‘rganish niyatidamiz, – deydi “Sidiqboy sarkor” fermer xo‘jaligi raisi Naimjon Tohirov.

Darhaqiqat, qishloq xo‘jaligida tajriba almashishning qimmati ham shunda: bir hududda qo‘l kelgan samarali usul boshqa joydagi izlanishlarga turtki berishi mumkin. Tuproq va iqlim sharoitlari farq qilsa-da, yerga munosabat, mehnatni to‘g‘ri tashkil etish va zamonaviy agrotexnologiyalardan oqilona foydalanish har bir fermer uchun muhim.

Arnasoydagi bu uchrashuv oddiy tanishuvdan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. U ikki hudud dehqonlari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, paxtachilikdagi ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish va o‘zaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni belgilashga xizmat qildi. Zero, dalada yetishtirilgan hosil faqat mehnat samarasi emas, u tajriba, bilim va izlanishning ham mevasidir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri