Tadbir qiziqarli va ko‘tarinki ruhda o‘tdi
Poytaxtimizdagi 136-maktabda “Uch avlod uchrashuvi” dasturi doirasidagi “Uch avlod – bir maqsad, bir vatan” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Shayxontohur tumanining Madaniyat bo‘limi hamda maktab ma’muriyati tomonidan tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va Nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari, Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, tuman Nuroniylar jamg‘armasi hamda tuman Madaniyat markazi vakillari, shuningdek, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘z ish joylarida yurtimiz gullab-yashashi yo‘lida sidqidildan mehnat qilganlari, bu yo‘lda uchragan barcha qiyinchiliklarni ustozlar ko‘magida yengib o‘tganlarini, agar inson ezgu niyat bilan halol mehnat qilsa, el mehriga albatta sazavor bo‘lib, o‘z baxtini topishlarini ta’kidlab o‘tishdi. Shuningdek, ular ish faoliyatlarida uchragan ibratli voqealardan ham gapirib berishdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Toshkent” radiokanalida ko‘p yillar mobaynida samarali faoliyat yuritgan Ismoil Fattohov ham so‘zga chiqib, radioda o‘tkazgan damlarini yodga oldi va jumladan shunday dedi: – Bor kuchimizni yaxshi eshittirishlar tayyorlashga, shu orqali tinglovchilarning ko‘ngliga yo‘l topishga harakat qildik. Oqibatda ularning mehrini qozona oldik deb o‘ylayman. Buni ularning bizga yo‘llagan ko‘plab xatlaridan bilsa bo‘lardi. Bugungi yoshlarimiz ham o‘zlariga ishongan, g‘ayratli, shijoatli, bilimdon. Bundan juda xursand bo‘laman. Ularga yaratilgan sharoit, imtiyozlarni ko‘rib, havasim keladi.

Tadbir davomida yosh estrada xonandalarining yoqimli va jozibador qo‘shiqlari, folklor ansamblning chiqishlari,shuningdek shoirlarning yurtimiz haqidagi otashin she’rlari tadbir ishtirokchilariga o‘zgacha kayfiyat va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Turob Niyozov, O‘zA