Odil Yoqubov - haqiqat va adolat kuychisi
Mamlakatimizda atoqli adib, ustoz ijodkor, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov tavalludining 100 yilligi keng nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda adabiy anjumanlar, ijodiy uchrashuvlar va ma’rifiy muloqotlar o‘tkazmoqda. Shuningdek, adibning boy adabiy merosini keng targ‘ib etish maqsadida uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar nashr etilmoqda. Yaqinda ana shunday nashrlardan biri — Odil Yoqubov haqidagi xotiralar, e’tiroflar va bag‘ishlovlar jamlangan kitob kitobxonlar e’tiboriga havola etildi.

Odil Yoqubov ijodi inson taqdiri, vijdon, adolat va haqiqat kabi yuksak qadriyatlar bilan chambarchas bog‘liq. Adibning haqiqatparvar ijodkor sifatida qadrlanishi bejiz emas. Zero, u o‘z asarlarida hayotni bor murakkabligi bilan tasvirlashga, inson qalbidagi kechinmalarni, jamiyatdagi muammolarni xolisona ochib berishga intilgan. Uning qahramonlari timsolida insonning ichki kurashi, vijdoni bilan yuzma-yuz qolishi, jamiyat oldidagi mas’uliyati va adolat yo‘lidagi intilishlari yorqin namoyon bo‘ladi.

Adibning «Ulug‘bek xazinasi», «Diyonat», «Adolat manzili» kabi asarlarida ham haqiqat, insoniylik va ma’naviy mas’uliyat masalalari alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, «Ulug‘bek xazinasi» romanida buyuk alloma Mirzo Ulug‘bekning fojiali taqdiri orqali ilm-ma’rifat va jaholat, ezgulik va manfaatparastlik o‘rtasidagi keskin ziddiyatlar mahorat bilan ochib berilgan. Asarni mutolaa qilar ekanmiz, haqiqatni anglash va uni himoya qilish har doim ham oson bo‘lmaganini, bu yo‘lda insondan jasorat, sabr va mustahkam e’tiqod talab etilishini his etamiz.
— O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov xalqimizning eng sevimli adiblaridan biridir, — deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi va publitsist Dilfuza Qarshiboyeva. — Haqiqatga suyangan adib Odil Yoqubov haqida zamondoshlari xotirasida saqlanib qolgan e’tiroflar, esdaliklar, yorqin xotiralar va bag‘ishlovlar jamlangan kitobning nashrdan chiqishi adabiyot muxlislari uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ldi. Ulug‘ adib haqidagi ushbu kitobni ustozim Orziqul Ergashevning maslahatlariga tayangan holda tahrir qilish menga nasib etganidan mamnunman.

Odil Yoqubov asarlarining umrboqiyligi shundaki, ularda ko‘tarilgan muammolar, ilgari surilgan g‘oyalar va inson ma’naviyatiga doir savollar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Adib ijodi kitobxonni hayot haqida mushohada yuritish, voqea-hodisalarga xolis baho berish, vijdon va adolat oldidagi mas’uliyatini anglashga undaydi.
Ustoz adibning yuksak badiiy mahorat bilan yaratilgan asarlari, boy ma’naviy merosi va haqiqatga sadoqati xalqimiz qalbida hamisha yashaydi. Odil Yoqubov nomini e’zozlash, uning ijodini o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish esa milliy adabiyotimiz oldidagi muhim vazifalardan biridir.
N.Usmonova,
O‘zA