“Markaziy Osiyo+Ozarbayjon” yosh siyosatchilari Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishdi
Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zida boy tarixiy, diniy, ilmiy, madaniy merosni jam qilgani bilan dunyo jamoatchiligining e’tiborini tortmoqda. Tashrif buyuruvchilarning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Ayniqsa, markazda mavjud tarixiy meros zamonaviy texnologiyalar asosida namoyish etilgani ko‘pchilikning e’tiborini qozonmoqda. Tarix va zamon uyg‘unlashgan ushbu makon har bir mehmonda katta taassurot qoldirishi shubhasiz.
«Markaziy Osiyo yosh yetakchilari» mintaqaviy dasturi doirasida yurtimizda bo‘lib turgan Markaziy Osiyo davlatlari hamda Ozarbayjon Respublikasining yosh siyosatchi liderlari Islom sivilizatsiyasi markaziga ham tashrif buyurdi. Mehmonlar markaz ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishib, ushbu dargoh haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa xalqlarining mushtarak tarixiy va ilmiy merosini o‘rganish, islom olamiga oid bilimlarni tadqiq etishda muhim ilmiy markaz ekani aytib o‘tildi.

Qayd etilganidek, ushbu ma’rifiy maskan mintaqa tadqiqotchilari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-madaniy muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Shuningdek, mintaqa xalqlarining tarixiy munosabatlarini, rivojlanish bosqichlarini, ilmiy-madaniy merosini kelajak avlodlarga yetkazishda muhim o‘rin tutadi.

Mintaqaning yosh yetakchilari markazdagi har bir tarixiy, ilmiy meros bilan yaqindan tanishar ekan, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini alohida e’tirof etdi. Ushbu markaz tarix, bugun va kelajak avlodlar uchun muhim ma’rifiy, ilmiy dargoh sifatida alohida o‘rin tutishini aytib o‘tdi.
M.Komilova,
O‘zA