Tabiiy fanlarni o‘qitish samaradorligi oshadi
Andijon viloyati Pedagogik mahorat markazida “Muvaffaqiyatli islohotlar – yuqori natijalar” mavzusida seminar-trening o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘iga asosan, Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan hamkorlikda maktab boshqaruv tizimini yaxshilash, matematika va tabiiy fanlarni o‘qitish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni umumta’lim maktablarida keng joriy etish maqsadida tashkil etilgan besh kunlik xalqaro seminar-trening mashg‘ulotlarida viloyatdagi umumta’lim maktablarining tanlab olingan direktor va o‘qituvchilari ishtirok etmoqda.
Andijon viloyati Pedagogik mahorat markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilayotgan seminar-treningda xorijda hamda Toshkentda o‘qib, malaka oshirgan mutaxassis – trenerlar ishtirokchilarga umumta’lim maktablarida liderlik va o‘zgarishlarni boshqarish, matematika va tabiiy fanlarni o‘qitish borasida ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar bermoqda.
[gallery-18627]
–Seminar-treningda Singapur tajribasi asosida 40 nafar direktor va 93 nafar fan o‘qituvchisi o‘qitilmoqda, - deydi Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi pedagog kadrlar salohiyatini oshirish shu’basi mudiri Nuriddin Bozorov. – Ular, ya’ni maxsus o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan trenerlar o‘z o‘z navbatida, olgan bilimlari asosida tuman va shaharlardagi 720 ta maktab direktorini hamda 4 ming nafardan ortiq fan o‘qituvchiini kaskad usulida o‘qitadi.
Amaliyotga joriy etilayotgan ilg‘or xorijiy tajriba, albatta, maktablarimizdagi boshqaruv ishlari hamda tabiiy fanlar o‘qitilishi samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Maxsus dastur asosida bir necha kun davom etadigan seminar-treningni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga tegishli sertifikatlar taqdim etiladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari