Tabiatni himoya qilish — global zarurat
22-may — Xalqaro bioxilma-xillik kuni
Bugun insoniyat yana bir muhim haqiqat qarshisida turibdi: biz tabiatdan alohida yashay olmaymiz. Iste’molimizdagi suv, oziq-ovqat, dori-darmonlar, biz nafas olayotgan havo va hatto ertangi hayotimiz ham sog‘lom ekotizimlarga chambarchas bog‘liq. Tabiatni asrash — insoniyat kelajagini saqlab qolish demak.

O‘tgan 2022-yilda dunyo davlatlari “Kunmin–Monreal” global bioxilma-xillik dasturini qabul qilib, tabiatni tiklash yo‘lida muhim qadam tashladi. 2030-yilgacha degradatsiyaga uchragan ekotizimlarning 30 foizini tiklash, yer va suv hududlarining katta qismini muhofaza qilish hamda bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha aniq maqsadlar belgilandi. Bu — tabiatni himoya qilish endi tanlov emas, balki global zarurat ekanini anglatadi.
2026-yilgi shior — “Mahalliy harakat — global ta’sir uchun”. Chunki katta o‘zgarishlar har doim kichik qadamlardan boshlanadi. Daraxt ekish, suvni tejash, tabiatga befarq bo‘lmaslik yoki ekologik madaniyatni targ‘ib qilish — bularning barchasi sayyoramiz kelajagi uchun muhim hissa.
Mazkur kampaniya shoshilinch harakat qilish zarurligini ham ta’kidlaydi. Chunki Global bioxilma-xillik dasturi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun atigi to‘rt yil qoldi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA