Milliy xotira va istiqlol g‘oyasini sahnada jonlantirgan loyiha
Vatanimiz Mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab poytaxtimizda "So‘z" ijodiy loyihasining navbatdagi tadbiri muxlislar e’tiboriga havola etildi.
So‘z san’ati va milliy adabiy meros xalqning tarixiy xotirasini avlodlar ongiga yetkazishning eng ta’sirchan vositalaridan biridir. She’riyat, musiqa va sahna tili orqali xalqning mustaqillik sari bosib o‘tgan ko‘p asrlik yo‘li badiiy obrazlarda jonlantirilganda, u tomoshabin qalbida chuqur iz qoldiradi.
So‘nggi yillarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan milliy g‘oyalarni aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirishning zamonaviy va samarali shakllariga — jumladan, teatrlashtirilgan tomoshalar va badiiy-ijodiy loyihalarga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi tegishli qaroriga muvofiq, mamlakatimizning taniqli ijodkorlari ishtirokida ona-Vatanga muhabbatni tarannum etuvchi «So‘z» loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shu vaqtga qadar «So‘z» loyihasi doirasida shoir va shoiralar ishtirokida ikkita konsert, shuningdek, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning «Yaldo kechasi» hamda Eshqobil Shukurning «Megapolisdan Himolay cho‘qqisigacha» kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.
Shuningdek, «So‘z» loyihasi jamoasi Jizzax viloyatining Zomin tumanida o‘tkazilgan Zomin yosh ijodkorlar seminarida «Yaldo kechasi» kitobi asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishi bilan ishtirok etdi.
Eng ulug‘ va eng aziz bayram — Istiqlol ayyomi arafasida poytaxtimizdagi «Navro‘z» bog‘ining etno hududida «So‘z» loyihasi doirasidagi Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan sahna tadbiri ham o‘zining dolzarbligi va badiiy ta’sirchanligi bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
[gallery-31012]
Tantanali adabiy tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, adib va publitsist, «Jadid» gazetasi jurnalisti, «Kelajak bunyodkori» medali sohibi, shoir Shahriyor Shavkat va boshqalar istiqlol va yangilanishning tamal toshini qo‘yishda buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi muhim asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
Tadbir davomida tomoshabinlarga xalqimizning qadimgi turkiy davrlaridan — Alp Er To‘nga, Bilga Xoqon, To‘maris kabi tarixiy siymolardan tortib, Amir Temur va temuriylar davri, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib kabi allomalar merosi, so‘ngra Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon singari ijodkorlarning she’riy asarlari orqali mustaqillikka erishish sari bosib o‘tilgan tarixiy yo‘l sahnalashtirilgan holda taqdim etildi.
«So‘z» loyihasi doirasidagi ushbu Mustaqillik bayrami tadbiri jamiyatda milliy birlik va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, yosh avlodni tarixiy xotira ruhida tarbiyalash, shuningdek, xalqimizning mustaqillik yo‘lidagi buyuk yutuqlarini badiiy so‘z va sahna orqali keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qildi.
Tadbirda tarix va bugungi kun uyg‘unligi ta’sirchan sahna obrazlari orqali namoyon etildi. Badiiy talqinlar orqali milliy o‘zlik, Vatan taqdiri va avlodlar vorisligi kabi muhim mavzularga alohida urg‘u berildi. Sahnada yangragan she’r va qo‘shiqlar tadbirning mazmun-mohiyatini yanada boyitib, uning ta’sirchanligini oshirdi.
Ijodkorlarning chiqishlari tomoshabinlarni milliy adabiyotimiz va tarixiy merosimizga yana bir bor murojaat etishga undadi. Tadbir davomida adabiyotning inson qalbiga ta’sir ko‘rsatish, ezgu g‘oyalarni targ‘ib etish va ma’naviy qadriyatlarni asrashdagi o‘rniga e’tibor qaratildi. Shu jihatdan, «So‘z» loyihasi adabiyot, musiqa va sahna san’atini birlashtirgan o‘ziga xos ijodiy muloqot maydoni sifatida namoyon bo‘ldi.
Adabiy tadbir samimiy va yuksak ruhi, betakror she’rlar, kuy-qo‘shiqlar hamda ta’sirchan sahna ko‘rinishlari bilan so‘z san’ati muxlislarida unutilmas taassurot qoldirdi.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA