“Tilsim”dagi ko‘ngil kechinmalari
FOTOREPORTAJ
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida shoira va fotojurnalist Nazira Boymurodovaning “Tilsim” she’riy to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ijodkorning turli yillarda yaratgan fotosuratlaridan iborat ko‘rgazma ham tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.
“Qanot” loyihasi doirasida “Yangi kitob” nashriyotida chop etilgan to‘plamdan 250 ga yaqin she’r o‘rin olgan. Ularda insonning o‘zini anglashi, hayot sinovlari, mehr va sadoqat, Vatan hamda ota-onaga muhabbat kabi mavzular qalamga olingan.
“Tilsim”da shoiraning hayot haqidagi mushohadalari, insonning ruhiy olami va qalb kechinmalari turli obraz va tuyg‘ular orqali ifodalanadi. Nazira Boymurodova talqinida insonning o‘zi ham bir tilsim — hayot sinovlari jarayonida qalbidagi nozik tuyg‘ularni asrab, yaxshilik va go‘zallikka intiladigan sirli va betakror olamdir. Taqdimotda ijodkorning ko‘p qirrali faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-31010]
— Nazirani O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Xalqaro jurnalistika fakultetiga kirish imtihonlarida, aniqrog‘i, ijodiy sinov topshirayotgan kezlaridan taniyman, - deydi taniqli jurnalist, tarjimon va shoir, “Oltin meros” xayriya jamg‘armasi raisi Amirqul Karimov. — Ijodkorlik qobiliyati bilan abituriyentlik paytidayoq e’tiborga tushgan Nazira keyinchalik jurnalistika, televideniye, fotojurnalistika va she’riyat sohalarida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.
Darhaqiqat, Nazira Boymurodova ijodiy faoliyati davomida jurnalistika, televideniye, fotojurnalistika va she’riyat yo‘nalishlarida samarali izlanib kelmoqda. U jurnalist sifatida maqolalar yozdi, televideniyeda ko‘rsatuvlar tayyorladi va boshlovchilik qildi, fotojurnalist sifatida ijodiy ishlarini namoyish etdi. “Tilsim” esa uning she’riyatdagi izlanishlarining navbatdagi samarasidir.
To‘plamdagi she’rlarning o‘ziga xos jihatlaridan biri — fikrning sodda va samimiy ifoda etilishidir. Shoira murakkab kechinmalarni o‘quvchiga yaqin tilda bayon etishga intiladi. Inson hayotidagi ziddiyatlar, jamiyatda uchraydigan ayrim illatlar, xususan, yolg‘on, ikkiyuzlamachilik, bevafolik va nafsga berilish kabi holatlar ham ijodkor nigohidan chetda qolmagan.
Ayol taqdiri bilan bog‘liq mavzular to‘plamda alohida o‘rin tutadi. Shoira hayot sinovlari va inson taqdiriga oid kechinmalarni shaxsiy tajriba doirasidan chiqarib, ularning ma’naviy-ijtimoiy mohiyatini ochishga harakat qiladi.
Ota-ona va Vatan mavzulari ham “Tilsim”ning salmoqli qismini tashkil etadi. She’rlarda farzandlik mehri, beg‘araz muhabbat, yaqinlarga munosabat, yurtga sadoqat va millat oldidagi mas’uliyat tuyg‘ulari o‘zaro uyg‘unlashgan.
Shu ma’noda, “Tilsim”ni nafaqat she’rlar jamlanmasi, balki insonni o‘z qalbi va kechinmalari haqida mushohada yuritishga undaydigan ijodiy asarlar to‘plami sifatida ham baholash mumkin.
Nazira Boymurodovaning ijodiy faoliyati qator yutuqlar bilan boy. U 2006-yilda “Kelajak ovozi” respublika tanlovining “Badiiy ijod” nominatsiyasi publitsistika yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan. 2017-yilda “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovining televideniye yo‘nalishida birinchi o‘rinni egallagan. 2025-yilda esa mazkur tanlovning foto yo‘nalishida ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan.
Ijodkorning “Endi faqat kulib yashayman” kitobi 2011-yilda nashr etilgan. “Uyg‘on Turon, Uyg‘on Turkiston” she’riy to‘plami ham o‘quvchilarga taqdim etilgan. Uning ayrim she’rlari turk, turkman va ozarbayjon tillarida ham chop etilgan.
“Tilsim” taqdimoti doirasida tashkil etilgan fotoko‘rgazma ijodkorning so‘z va tasvir vositasida inson hamda hayotning turfa qirralarini aks ettirishga intilishini namoyon etdi.
Zero, she’rda so‘z, fotosuratda nigoh orqali insonning ichki olami va atrofidagi voqelikni turlicha anglash mumkin. “Tilsim”ning o‘ziga xosligi ham ana shu ikki ijodiy nigohning uyg‘unligida namoyon bo‘ladi.
Kamola Yusupova, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA