Pensiya tizimida qanday yangiliklar kutilmoqda? – Mutaxassis javob berdi
Iqtisodiyot va moliya vaziri matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ravshana Umarova ishtirokida pensiya tizimini takomillashtirish bo‘yicha brifing o‘tkazildi.
Brifingda O‘zbekistonda pensiya tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish, fuqarolarning pensiya ta’minotini kuchaytirish va tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan takliflar ma’lum qilindi.
Ayni paytda pensiya hisoblashda asosan oxirgi 10 yildagi ketma-ket 5 yillik ish haqi inobatga olinadi. Ish haqining hisobga olinadigan yuqori chegarasi 6 million so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, fuqarolarning ish staji va ish haqiga oid ma’lumotlar to‘liq raqamlashtirilmagan.
Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ham fuqarolar ishtiroki yetarli darajada emas. O‘zini o‘zi band qilgan 5,9 million nafar fuqaroning 860 ming nafari ijtimoiy soliq to‘lagan.
Demografik o‘zgarishlar ham pensiya tizimiga ta’sir ko‘rsatmoqda. 2025-yilda pensionerlarning aholi sonidagi ulushi 11,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2040-yilga borib bu ko‘rsatkich 15 foizga yetishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqilgan. Avvalo, 2027-2028-yillarda Pensiya jamg‘armasining barcha xizmatlarini elektron va proaktiv shaklga o‘tkazish, sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan koll-markaz va "Pensiya" mobil ilovasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu orqali fuqarolar o‘z ish staji, to‘lagan ijtimoiy solig‘i va kutilayotgan pensiya miqdori haqida yagona tizim orqali ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi.
Pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini amaldagi 5 yildan bosqichma-bosqich 20 yilgacha oshirish taklif etilmoqda. 2028-yildan ish haqining hisobga olinadigan yuqori chegarasini 6 million so‘mdan 6,6 million so‘mgacha oshirish rejalashtirilgan.
Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida kam daromadli fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida ularning ixtiyoriy badallarining 50 foizigacha qismi davlat tomonidan qo‘shimcha qoplanishi taklif etilmoqda. Shuningdek, xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalarini tashkil etish uchun huquqiy asos yaratiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliqni majburiy to‘lash tartibini joriy etish taklif qilinmoqda. Bunda yillik 440 ming so‘mlik to‘lovni oyma-oy amalga oshirish imkoniyati beriladi. Bu orqali ularga ish staji, kelgusida pensiya olish huquqi hamda ayrim ijtimoiy nafaqalardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal ish stajini 2027-yildan boshlab har yili bir yildan oshirish va 2034-yilda 15 yilga yetkazish taklif etilmoqda. Yetarli stajga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun amaldagi tartibda yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanib qoladi.
Shuningdek, pensiya yoshini 2028-yildan bosqichma-bosqich o‘zgartirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, 2039-yilga borib erkaklar uchun pensiya yoshi 63 yoshga, ayollar uchun 58 yoshga yetkaziladi. Kechroq pensiyaga chiqib, mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish mexanizmlari ham joriy etiladi.
Alohida ta’kidlanganidek, hozirda pensiya va nafaqa olayotgan fuqarolarga tayinlangan pensiyalar qayta ko‘rib chiqilmaydi va ularning to‘lovlari kamaytirilmaydi.
Taklif etilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi pensiya miqdorini qisqartirish emas, balki fuqaroning butun mehnat faoliyati, ish staji, rasmiy daromadi va to‘lagan ijtimoiy solig‘ini hisobga oladigan adolatli va barqaror pensiya tizimini shakllantirishdan iborat.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA