“Suv keltirgan elda aziz”. Sohada nimalar o‘zgardi? (+video)
Bugungi kunda respublikada 31 mln nafardan ortiq aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. So‘nggi yillarda sohaga jalb qilingan sarmoyalar hajmi 10 karra oshib, 2.7 milliard dollarga yetdi. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017-yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga ko‘tarildi. Islohotlar esa davom etmoqda.
#Mustaqillikning 35 yilligiga
Suv keltirgan elda aziz, deyishadi. Keling, uzoqqa bormaylik. Bundan 35 yil oldin O‘zbekistonda ichimlik suv ta’minoti tizimi sobiq ittifoqdan meros qolgan markazlashgan boshqaruv va eskirgan infratuzilma asosida ishlaganligi bois ob-hayot barcha joyga birdek yetib bormasdi. Chekka qishloqlarni gapirmasa ham bo‘ladi. Muammolar iskanjasida qolgan mahalliy aholi yashab turgan joylarini tark etib, poytaxtga yoki xorijga ketishiga to‘g‘ri kelardi. Zero, mustaqillikning ilk yillarida iqtisodiy qiyinchiliklar sababli suv tarmoqlarini yangilash, qurish va qishloq joylarini toza suv bilan ta’minlash ilojsiz edi. Markazlashgan tarmoqlar asosan yirik shaharlar va viloyat markazlarini qamrab olardi, xolos. Qishloq hududlarida aholi asosan ariq suvlari, quduqlar va qo‘lbola kolonkalardan foydalangan. Infratuzilmaning jismoniy eskirishi sababli suv isrofgarchiligi ham yuqori edi.
So‘nggi yillarda sohaga jalb qilingan sarmoyalar hajmi 10 karra oshib, 2.7 milliard dollarga yetdi. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017-yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga ko‘tarildi.
Kelgusi yillarda ichimlik suvi ta’minotini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmati qamrovini 80 foizga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun qo‘shimcha yana 1.3 milliard dollar investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Albatta, buning zamirida juda katta mashaqqatli mehnat, davlatning mablag‘lari yotadi. O‘zbekiston ijtimoiy mamlakat. Bu zaminda qilingan har bir tashabbus tag-zamirida avvalo xalq manfaatlari mujassam. Agarda buni raqamlarda ifoda etadigan bo‘lsak, keling, uzoqqa bormaylik, so‘nggi 8 yil davomida sohani rivojlantirish uchun 20 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, 36 ming km suv tarmoqlari va 3.5 mingdan ortiq inshootlar barpo etildi. Sohada islohotlar, yangilanishlar, qurilishlar davom etmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 2026-yil yakuniga qadar aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 83.5 foizga, oqova suv xizmatlaridan foydalanish darajasini esa 23 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bosib o‘tilgan tarixiy 35 yillik yo‘l va sohadagi o‘zgarishlar, yangilanishlar haqida Ichimlik va oqova suv tizimlarini rivojlantirish va ekspluatatsiya faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Bekniyoz Boymirzayev bilan suhbatlashdik.
- Ayting-chi, bugungi kunda aholini toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlash yo‘lida sohada qanday islohotlar amalga oshirilmoqda? Ichimlik suvi ta’minotida xalqaro tajribalar joriy qilinyaptimi?
- So‘nggi yillarda bevosita davlatimiz rahbari boshchiligida ichimlik va oqova suv ta’minotida ustuvor vazifalar belgilab olinib, sohadagi tizimli muammolarni bartaraf etish, boshqaruv mexanizmlarini tubdan takomillashtirish bo‘yicha bir qator tarixiy hujjatlar qabul qilindi. Bunda ayniqsa suv taqchilligi seziladigan olis va chekka hudud aholisini ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlash. Oqova suv tizimlarini kengaytirishga alohida urg‘u berilib, bu o‘zgarishlar millionlab iste’molchilarning hayotida o‘z aksini topdi. Bu esa o‘z navbatida hududlarning iqtisodiy o‘sishiga ham xizmat qilmoqda.
Mazkur sohadagi islohotlar natijasi o‘laroq so‘nggi yillarda normativ-huquqiy baza takomillashtirilib, 21 hujjat qabul qilindi. Eng asosiy hujjatlardan biri sohani qonun darajasida tartibga solishga qaratilgan «Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi so‘nggi 8 yilda 63 foizdan 83 foizga yetkazishga erishildi. 5.6 mln nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lsa, 14 mln nafar aholimizning suv ta’minoti yaxshilandi.
- Chekka hududlarda qanday yirik loyihalar amalga oshirildi?
- Masalan, Surxondaryo viloyatida “To‘palang” loyihasi doirasida 380 km tarmoqlar va 200 ming metr kub quvvatli suv tozalash inshooti qurilishi natijasida 1.7 mln nafar aholining suv ta’minotini yaxshilash reja qilingan. Bundan tashqari, Zarafshon suvlaridan oqilona foydalanish maqsadida Jizzax viloyatining 7 ta tumanida istiqomat qilayotgan aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. Viloyatning ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 62 foizdan 76 foizga ko‘tarilishiga erishildi. (davomi videoda)
<iframe width="640" height="350" src="https://www.youtube.com/embed/VUc2uuuYNGg" title="“Suv keltirgan elda aziz”. Sohada nimalar o‘zgardi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA