Andijondan Shinjongacha: hamkorlik va mintaqaviy integratsiyaning yangi bosqichi
Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga (SHUAR) amaliy tashrifi doirasida Shinjon Xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz bilan uchrashdi.
Tomonlar transport va energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, SHUAR va Andijon viloyati o‘rtasida savdo va investitsiya hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi.
Suhbat doirasida E.Tuniyaz oliy va yuqori darajadagi faol aloqalar siyosiy muloqotni mustahkamlash, yangi g‘oyalarni shakllantirish va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda muhim hissa qo‘shayotganligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u 2024-yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi savdo, investitsiyalar, transport, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish uchun zamin yaratganligini qayd etdi.

O‘z navbatida, J.Vahobov O‘zbekiston va SHUAR o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmini oshirish, tarkibini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, shuningdek, quruqlik portlari, logistika markazlari va chegaraoldi infratuzilmasidan yanada keng foydalanish istiqbollarini qayd etdi.
Muloqot davomida Shinjonni Xitoyning g‘arbiy darvozasi va Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi muhim hudud sifatidagi geografik o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. SHUAR bir vaqtning o‘zida Markaziy Osiyoning uch davlati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan XXRning yagona hududidir. Xitoyning mintaqa davlatlari bilan umumiy savdo hajmining qariyb 40% Shinjon mintaqasiga to‘g‘ri keladi, bu esa uning savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi muhim rolini ko‘rsatadi.
Shuningdek, suhbat mobaynida “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘lining mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlashdagi o‘rni ham muhokama qilindi. Qashg‘ardan boshlanib, Andijon viloyatigacha davom etadigan yo‘nalish ishga tushirilgach, mazkur temir yo‘l Xitoyni O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘i bilan bevosita bog‘laydi hamda Markaziy Osiyo orqali Yevropa, Turkiya va Yaqin Sharq yo‘nalishlarida yuk tashish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Yangi magistral Markaziy Osiyo davlatlari uchun Xitoy bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytiradi hamda XXRning sharqiy portlari, transport va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan aloqalarni mustahkamlaydi.
Bundan tashqari, “Markaziy Osiyo–Xitoy” formati doirasidagi Ta’lim sohasidagi hamkorlik markazi ko‘magida SHUAR va O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish, jumladan, talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlash va qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Shinjon o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash maqsadida SHUARni O‘zbekistonning boshqa hududlari bilan bog‘lovchi strategik markaz sifatida Andijon viloyatining rolini oshirishga alohida e’tibor qaratgan holda o‘zaro hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
O‘.Alimov, O‘zA