G‘oya qo‘llab-quvvatlansa, tashabbus natijaga aylanadi
Xovos tumanining Karvonsaroy mahallasida ochiq osmon ostida o‘tkazilgan muloqotda yoshlar bildirgan g‘oya va takliflar qog‘ozda qolib ketmadi — ularning murojaatlari qisqa fursatda amaliy yechim topdi. Sarvinoz G‘ofurova startap loyihasini rivojlantirish uchun zamonaviy noutbukka, Ozodbek Qoraboyev esa musiqa bilan shug‘ullanishi uchun doiraga ehtiyoj borligini bildirgan edi.
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning “Yoshlar kuni” doirasida Karvonsaroy mahallasi yoshlari bilan o‘tkazgan uchrashuvi erkin va samimiy muloqot ruhida kechdi. Ochiq osmon ostida tashkil etilgan suhbatda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri bayon etib, ta’lim, sport, bandlik, tadbirkorlik, startap va ijodiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarini bildirdi.

Uchrashuvning e’tiborli jihati shundaki, yoshlar bildirgan murojaatlar faqat tinglanibgina qolmadi. Har bir tashabbusni o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib amaliy yordam ko‘rsatish hamda yoshlarning maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun zarur sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratildi.

Sarvinoz G‘ofurovaning murojaati ham qisqa fursatda amaliy yechim topdi. Unga zamonaviy noutbuk topshirildi. Endi u o‘z loyihasi ustida yanada samarali ishlashi, zarur ma’lumotlarni izlashi, zamonaviy texnologiya va dasturlarni o‘zlashtirishi hamda startapini yangi bosqichga olib chiqishi uchun keng imkoniyatga ega.

Ozodbek Qoraboyevning musiqaga bo‘lgan qiziqishi ham e’tiborsiz qolmadi. Unga doira va baraban hamda noutbuk topshirilib, musiqa bilan muntazam shug‘ullanishi va ijodiy salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratildi.

Bugun Sarvinoz uchun noutbuk — shunchaki texnika vositasi emas, balki startap loyihasini rivojlantirish, yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish, g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish uchun yaratilgan imkoniyat bo‘lsa, Ozodbek uchun esa doira va baraban — musiqaga bo‘lgan qiziqishini yanada chuqurlashtirish, mahoratini oshirish va ijodiy salohiyatini namoyon etishga xizmat qiladigan muhim qo‘llovga aylandi.
Bunday ko‘mak yoshlarga nafaqat bugungi ehtiyojlarini hal etish, balki ertangi maqsadlarini dadilroq belgilash imkonini ham beradi.
Muhimi, katta natijalar ko‘pincha kichik bir g‘oyadan boshlanadi. Unga ishonch va imkoniyat berilsa, oddiy tashabbus ham ertangi yutuqqa aylanishi mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri