Surxondaryoda qishloq xo‘jalik mahsulotlari reeksport qilinadi
Surxondaryo viloyatida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi ishchi guruhi hududning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatini yanada kengaytirish hamda xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish uchun eksportyor va importyor korxonalar o‘rtasida transport-logistika sohasidagi muammolar, mavjud sharoitlar bilan tanishdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi eksport salohiyatini rivojlantirish, mahalliy mahsulotlarni yangi va istiqbolli bozorlarga olib chiqish hamda xalqaro xavfsizlik talablariga javob beradigan mahsulotlar ulushini oshirish yuzasidan muayyan ishlarni olib bormoqda. Shu maqsadda ishchi guruh Termiz tumanidagi “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida bo‘lib, qo‘shni davlatdan olib kirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini karantin ko‘rigi va ruxsatnoma rasmiylashtirish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.

O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasidagi xalqaro markaz 36 gektar maydonda barpo etilgan. Yiliga 22 mingta yuk avtotransport qatnovi hamda 900 ming tonna logistika quvvatiga ega markaz orqali shu kungacha Afg‘onistondan 6,1 million dollarlik 13 turdagi 28,8 ming tonna meva-sabzavot import qilingan. Bu yerda qo‘shni davlatda yetishtirilgan piyoz, anor, uzum, kartoshka, olma singari oziq-ovqat mahsulotlari uchun soddalashtirilgan tartibda karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirish joriy etilgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining mas’ul xodimlari Bobur Hamroyev, Ulug‘bek Yunusov, Xusniddin Ismoilovlar viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi rahbarlari ishtirokida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, mamlakatimizda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish yuzasidan yaratilayotgan sharoitlar, erkin savdo zonasida mavjud imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. Taklif va tavsiyalarni tingladi.
“Termiz xalqaro savdo markazi” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qo‘shni davlatdan keltirilayotgan mahsulotlarning karantin ruxsatnomasi o‘rtacha ikki-uch kunda rasmiylashtirilayotgani, ho‘l mevalar tranzit orqali Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilingani ma’lum bo‘ldi.
Ishchi guruh a’zolari “Ayritom” chegara-bojxona postida bo‘lib, bu joyning yuk avtotransportlarini o‘tkazish quvvatini o‘rgandi. Kuniga 200 ta avtotransport vositasini o‘tkazishga mo‘ljallangan postning imkoniyatlari va bu yerda amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.

“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi Afg‘oniston va Janubiy Osiyo davlatlari bilan savdo-sotiqda muhim logistik xab vazifasini bajarmoqda. Shunga ko‘ra ayni paytda qo‘shni davlatdan keltiriladigan ho‘l mevalarni xalqaro savdo markazida fitosanitar talablarga muvofiq yopiq omborlarda qayta ishlash va reeksport qilish sharti bilan karantin ruxsatnomasi rasmiylashtirish tartiblari ishlab chiqilmoqda. Shunga muvofiq, viloyat hokimligi, viloyat bojxona boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida Afg‘onistonda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini “Termiz xalqaro savdo markazi”da mavjud zamonaviy infratuzilma (saqlash, saralash, qadoqlash)dan foydalangan holda qayta ishlab, reeksport qilish rejalashtirilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA