Buyumlarda dunyoni yaratgan kulol
Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida kulol Faniya Dedenyovaning 70 yoshlik yubileyiga bag‘ishlangan “Kulolchilik – umrim mazmuni” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada ijodkorning 100 dan ortiq kulolchilik ishlari namoyish qilindi.

Faniya Dedenyova o‘z ishining ustasi, loydan har xil ajoyib asarlar yaratadi. Turli xil hajmdagi laganlarga yurtimizning tarixiy obidalari, ajoyib tabiati va arxitekturasini chizadi. Bu orqali o‘zining hayotga bo‘lgan qiziqishi va ishtiyoqini bayon etadi. Shu bilan birga, arxeologik topilmalarga asoslangan holda qadimiy idishlar, ko‘zalar, guldonlarni zamonaviy naqshlarga uyg‘un holda qayta tiklashga harakat qiladi.
Tadbirda qayd etilganidek, Faniya Dedenyova respublika va xalqaro ko‘rgazmalar ishtirokchisi. Jumladan, Tallin, Olma – ota, Leningrad, Xarkov kabi shaharlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda o‘zining eng sara ishlari bilan qatnashgan.
Shuningdek, u yasagan buyumlar hozirda AQSH, Janubiy Koreya va Germaniyada shaxsiy to‘plamlarda saqlanib keladi. 2021-yil o‘tkazilgan “Tasviriy va amaliy san’at festivalida “Eng faol ijodkor” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan va diplom bilan taqdirlangan.
Ijodkor xayriya ko‘rgazmalarida ham faol qatnashadi.

Bu yil kulol 70 yoshni qarshiladi. Shunga qaramasdan, kulolchilik san’atini rivojlantirish va yoshlarga o‘rgatish borasida tinimsiz mehnat qilib kelmoqda.
Ko‘rgazma joriy yilning 12-iyuligacha davom etadi.
G.Boboyeva,O‘zA