Surxon qizlari Navoiyga boradi
Samarqandda “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasida “Yashil maydon malikalari” musobaqasining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida futbol bo‘yicha qizlar o‘rtasida “Yashil maydon malikalari” musobaqasining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari jamoalari o‘zaro bahslashdi.
Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi N.Rabbimova va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida ayollar sportini rivojlantirish, ommaviyligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Har yili shahar va qishloqlarda bunyod etilayotgan zamonaviy sport inshootlarida xotin-qizlar uchun keng imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Murabbiy kadrlar tayyorlashga qaratilgan e’tibor va qishloq joylaridagi ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qiz murabbiyalar mehnatiga munosib haq to‘lash borasidagi ishlar samarasida sport bilan shug‘ullanayotgan qizlar safi yildan-yilga kengaymoqda.
Ikki yildan buyon o‘tkazilayotgan “Yashil maydon malikalari” futbol musobaqasi ham xotin-qizlar o‘rtasida sportning ommaviyligini oshirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan. Unda 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan havaskor sportchilar faol ishtirok etmoqda.
Surxondaryo viloyati sportchi qizlari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, musobaqaning Navoiy shahrida o‘tkaziladigan mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tadbir doirasida musobaqa ishtirokchilari Samarqanddagi tarixiy obida va diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.