Superligada 23-tur uchrashuvlari bugun yakunlanadi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 23-tur uchrashuvlari bugun, 11-oktabr kuni o‘z yakuniga yetadi.
Turning so‘nggi bellashuvlari Olmaliq va Jizzax shaharlarida o‘tkaziladi. Jumladan, Olmaliqda «OKMK» o‘z maydonida «Navbahor»ni qabul qilsa, Jizzaxda «So‘g‘diyona» «Lokomotiv» bilan bahs olib boradi. Har ikki uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da boshlanishi belgilangan.
Kuni kecha chempionatning 23-turi doirasida «Qizilqum» o‘z maydonida «Surxon» jamoasini qabul qildi. «Yoshlar» sport majmuasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda har ikki jamoa ham raqib darvozasini ishg‘ol eta olmadi va bahs 0:0 hisobida yakunlandi. Mazkur natija jamoalarning turnir jadvalidagi o‘rniga ham ta’sir ko‘rsatdi.
Ushbu durangdan so‘ng «Qizilqum» ochkolarini 30 taga yetkazib, turnir jadvalining o‘ninchi pog‘onasidan joy oldi. «Surxon» esa mavsum davomida jamg‘argan 27 ochkosi bilan 12-o‘rinda bormoqda. Bugungi uchrashuvlardan keyin 23-tur bahslari to‘liq yakunlanadi va jamoalarning turnir jadvalidagi holati yanada oydinlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA