Superliga: “Vodiy derbisi”da kuchlar teng keldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 3-turidan o‘rin olgan “vodiy derbisi”da “Navbahor” va “Andijon” klublari o‘zaro raqobatlashdi.
Namangandagi “Markaziy” stadionda tashkil etilgan mazkur o‘yinning ikkinchi daqiqasida Zabihillo O‘rinboyev “Navbahor” jamoasining ilk goliga mualliflik qilgan bo‘lsa, oradan ikki daqiqa o‘tib Girerma Gedesh o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi. Natijada jamoalar birinchi bo‘limni 1:1 hisobida yakunladi. Ikkinchi bo‘limning 52-daqiqasida Abbos G‘ulomov mezbonlarning ikkinchi golini kiritdi.

Biroq, 90+8-daqiqada Benjamin Tedi avtogol sohibiga aylandi va uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi. Shu tariqa, “Andijon” gol urmasdan ikki bor hisobni tenglashtirdi.
Mazkur turda “Bunyodkor” 3:1 hisobida “Surxon” klubini taslim qilgan bo‘lsa, “Qizilqum” o‘z maydonida OKMK jamoasiga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun, 29 mart kuni Superliga bahslarining uchinchi turi yakunlanadi. Unda “Nasaf” – “Neftchi”, “Mash’al” – “So‘g‘diyona” va “Paxtakor” – “Dinamo” bahslari bo‘lib o‘tadi. Shu o‘rinda, “Nasaf” – “Neftchi” va “Paxtakor” – “Dinamo” klublarining o‘zaro o‘yinlari statistikasi bilan sizlarni tanishtirib o‘tsak.

Milliy chempionatlarimiz tarixida “Paxtakor” va “Dinamo” jamoalari jami 52 ta uchrashuvda to‘qnash kelgan. Unda “Paxtakor“ 40 ta g‘alaba, 6 tadan durang va mag‘lubiyat qayd etgan. Raqib darvozasiga 108 to‘p kiritib, o‘z darvozasidan 29 gol o‘tkazib yuborgan. Toshkentda o‘tkazilgan 26 uchrashuvning 24 tasida “Paxtakor“ zafar quchgan bo‘lsa, ikki bor Samarqand jamoasi ustun kelgan. O‘zaro o‘yinlarda poytaxt klubining eng yirik g‘alabasi 6:0 hisobidir.
“Paxtakor“ va “Dinamo“ jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 29 mart, shanba kuni soat 20:30 da “Jar“ stadionida boshlanadi.
Endi esa Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida soat 18:30da boshlanadigan “Nasaf” – “Neftchi” bahsi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Mazkur ikki jamoa milliy chempionat doirasida 52 marta o‘zaro raqobatlashgan bo‘lib, unda “Nasaf” 22, “Neftchi” esa 19 marotaba g‘olib bo‘lgan. Qolgan 11 o‘yin durang bilan tugagan. To‘plar nisbati 68/58 - “Nasaf” foydasiga.
Ha, turning so‘nggi kunida ikki azaliy raqiblar o‘zaro raqobatlashishi futbol muxlislarini quvontiradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA