Sudyalik uchun yosh senzi 35 yoshdan 30 yoshga tushirilmoqda
Parlament quyi palatasi majlisida Oliy sud tomonidan ishlab chiqilgan “Sudyalarning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Mazkur masala bo‘yicha Oliy sud raisi o‘rinbosari Sh.Polvonov batafsil ma’ruza qildi.
Qayd etilganidek, 7 bob, 47 ta moddadan iborat ushbu hujjat sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash hamda sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan. Loyiha bilan sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun ayrim talablar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, sudya va xalq maslahatchilari uchun yosh senzi pasaytirilib, 35 yoshdan 30 yoshga tushirish ko‘zda tutilgan.
Sudyani lavozimga tayinlashda amaldagi tartib — dastlab 5 yilga, keyin 10 yilga, undan keyin muddatsiz davrga tayinlash bekor qilinib, dastlab 5 yilga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibi joriy etilmoqda. Sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablar kuchaytirilmoqda. Shuningdek, loyihada sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish choralari bilan bog‘liq normalar aks ettirilmoqda.
Shuningdek, xalqaro tajribada mavjud bo‘lgan “iste’fodagi sudya” instituti milliy qonunchilikka tatbiq etilmoqda. Iste’fodagi sudyaga boshqa huquqlar qatorida professional mediatorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi taqdim etilmoqda. Sudyalarni davlat tomonidan himoya qilishning 6 turdagi xavfsizlik choralari joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, 21-fevral — Sud organlari xodimlari kuni etib belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar sudyaning yosh senzi nega 35 yoshdan 30 yoshga tushirilayotgani bilan qiziqdi. Bunga javoban xalqaro tajribada 25 yoshdan boshlangani, birgina Meksikada 35 yosh etib belgilangani, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda 30 yosh etib belgilangani aytib o‘tildi. Qolaversa, sudga ishga kelgan kadr 35 yoshgacha sud kotibi vazifasida ishlab yurishi, ayrim kadrlar esa boshqa yo‘nalishlarga ketib qolib, 35 yoshga yetganida sudyalikka qaytarib olib kelish qiyin bo‘layotgani aytib o‘tildi.
Muhokamalarda ta’kidlanganidek, sudyalarning maqomini alohida qonun darajasida belgilash sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, sudyalarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA