Xitoy Kommunistik partiyasi va O‘zLiDeP hamkorligi muhokama qilindi
Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Lyu Xaysin boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasiga ham tashrif buyurdi.
Partiya yetakchisi A.Hayitov va delegatsiya vakillarining uchrashuvida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, O‘zLiDeP va Xitoy Kommunistik partiyasi o‘rtasidagi partiyalararo hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston — Xitoy munosabatlari kengayib borishida davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpinning yuksak darajadagi siyosiy muloqoti muhim o‘rin tutmoqda.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi manfaatli hamkorlik natijasida o‘tgan yili mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 18 milliard dollarga yetdi. Yaqin yillarda mazkur ko‘rsatkichni 30 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. O‘zbekistonda Xitoy ishtirokida amalga oshirilayotgan qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli esa qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda.
«Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘lining barpo etilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish, Markaziy Osiyoning transport bog‘liqligini mustahkamlash va yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishda muhim omil bo‘lishi qayd etildi.
Uchrashuvda partiyalararo hamkorlik masalasiga ham to‘xtalib o‘tilib, O‘zLiDeP va Xitoy Kommunistik partiyasi o‘rtasida o‘tgan yili imzolangan hamkorlik Memorandumi partiyalararo munosabatlarni tizimli rivojlantirish uchun muhim huquqiy va siyosiy poydevor yaratgani ta’kidlandi. Zamonaviy siyosiy partiyalar faoliyatida raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va raqamli platformalardan foydalanish, fuqarolar bilan muloqotning yangi mexanizmlarini joriy etish borasida o‘zaro tajriba almashish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Partiyaviy ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shma media va axborot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ham fikr almashildi.

Muloqotda yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik va jamoat hayotidagi faolligini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Xitoy Kommunistik partiyasi vakillari joriy yil 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zLiDeP Xotin-qizlar tadbirkorligi forumida ishtirok etishga taklif qilindi.
Muloqot davomida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Xitoy — Markaziy Osiyo» siyosiy partiyalari muloqoti haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
M.Komilova, O‘zA