O‘zbekiston va SHHT: chorak asrlik sheriklikdan umumiy taraqqiyot sari
Yaqinda Bishkek shahrida «SHHTning 25 yilligi: birgalikda barqaror tinchlik, taraqqiyot va farovonlik sari» shiori ostida o‘tgan sammit mamlakatimiz uchun alohida tarixiy va amaliy ahamiyatga ega.
2001-yil 15-iyun kuni Shanxayda Tashkilotga asos solgan olti davlat qatorida O‘zbekiston ham turgan edi. O‘tgan chorak asrda mamlakatimiz SHHT faoliyatining barcha bosqichlarida faol va tashabbuskor ishtirokchi sifatida maydonga chiqdi.
To‘rt yil muqaddam Samarqand sammiti arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zining dasturiy maqolasida zamonamizni o‘ziga xos «tarixiy evrilish» pallasi sifatida ta’riflagan edi. Bishkekdagi muloqot bu bahoning qanchalik to‘g‘ri va dolzarb ekanini yana bir bor isbotladi: xalqaro munosabatlardagi murakkabliklar saqlanib qolmoqda, xalqaro huquqning regulyativ salohiyati esa jiddiy sinovdan o‘tmoqda. Aynan shunday sharoitda xalqaro tashkilotlarning davlatlar va xalqaro huquqning boshqa sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikning institutsional forumi sifatidagi roli va ahamiyati yanada ortmoqda.
Zamonaviy xalqaro munosabatlar ko‘p tomonlama diplomatiyaning o‘rni kuchayib borayotgani, universal va mintaqaviy tashkilotlar faoliyati xalqaro hayotning tobora kengroq jabhalarini qamrab olayotgani bilan xarakterlanadi. Xalqaro tashkilotlar — ko‘p tomonlama hamkorlikning eng samarali vositalaridan biri bo‘lib, ularning doirasida davlatlar xalqaro munosabatlarning eng murakkab va dolzarb masalalarini birgalikda hal etadi.
Bishkek sammitining huquqiy va institutsional natijalari
Sammit yakunlari bo‘yicha Bishkek deklaratsiyasi hamda xavfsizlik, iqtisodiyot, transport, ekologiya, sun’iy intellekt va madaniy-gumanitar sohalarni qamrab oluvchi 27 ta muhim hujjat qabul qilindi. Deklaratsiyada xalqaro huquq prinsiplari va BMT Nizomi normalarining buzilishi qoralanib, mojarolarni faqat siyosiy-diplomatik vositalar bilan hal etish zarurligi qayd etildi.
Huquqiy jihatdan eng salmoqli va tarixiy qaror — SHHT Xartiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma hamda Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz va Narkotikka qarshi kurashish markazi nizomlarining qabul qilinishi bo‘ldi. Xartiya — Tashkilotning ta’sis hujjati bo‘lgani sababli, unga o‘zgartish kiritish SHHTning institutsional rivojlanishida yangi bosqichni boshlab beradi. O‘zbekiston uchun ushbu qarorlarning amaliy ahamiyati g‘oyat yuqori:
Birinchidan, Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz Toshkent shahrida joylashadi. Bu — mavjud Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (RIATB) negizida kengaytirilgan vakolat va yangi maqomga ega bo‘lgan zamonaviy institut shakllanadi, deganidir.
Ikkinchidan, davlatimiz rahbari Bishkek sammitida ushbu markazning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishini alohida ta’kidladi.
Ushbu tarixiy qaror mamlakatimizning SHHT xavfsizlik arxitekturasidagi markaziy va yetakchi o‘rnini yana bir bor mustahkamlab, zimmamizga yuksak mas’uliyat yuklaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sammitda Tashkilotning uzoq muddatli rivojlanishiga qaratilgan yaxlit takliflar paketini taqdim etdi. Ularning konseptual o‘zagi — «SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni» qarashini ishlab chiqish. Bu qarash investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiniladigan, yirik infratuzilma hamda sanoat loyihalari amalga oshiriladigan barqaror hududni shakllantirishni nazarda tutadi.
Sammitda ilgari surilgan asosiy yo‘nalishlar:
Iqtisodiyot va investitsiya: Maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish va logistikani birlashtiruvchi SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasini (universal raqamli darcha) yaratish. SHHT Taraqqiyot bankini amaliy faoliyatga o‘tkazish va ustuvor loyihalar portfelini shakllantirish.
Texnologiyalar va sun’iy intellekt: Sun’iy intellekt bo‘yicha butunjahon tashkilotini tuzish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan holda, SHHTning ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini shakllantirish va 2027-yilda Toshkentda sun’iy intellekt va yangi raqamli yechimlar forumini o‘tkazish.
Ekologiya va resurslar: Oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantiruvchi ixtisoslashgan mexanizm tuzish, 2035-yilgacha suv-energetika samaradorligi dasturini ishlab chiqish.
Transport va infratuzilma: A’zo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash ta’sis etish.
Afg‘oniston omili: Afg‘oniston bilan muntazam muloqotni qayta tiklash va uni mintaqaviy jarayonlarga integratsiya qilish.
Madaniy-gumanitar soha: 2028–2030-yillarga mo‘ljallangan an’anaviy san’at va nomoddiy madaniy merosni asrash dasturini tayyorlash.
«SHHT plyus» va BMT: mintaqaviy tuzilmalarning to‘ldiruvchi roli
Sammit doirasida o‘tkazilgan «BMT adolatli dunyo tartibotining asosiy bo‘g‘ini sifatida» mavzusidagi «SHHT plyus» formati majlisi, unda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtiroki xalqaro huquq doktrinasi uchun alohida qiziqish uyg‘otadi.
O‘zbekiston yetakchisi tomonidan ilgari surilgan yondashuvning mohiyati shundaki, BMT o‘zining markaziy, muvofiqlashtiruvchi rolini saqlab qolishi, mintaqaviy tuzilmalar esa mahalliy sharoitlar, ehtiyojlar va imkoniyatlarga tayangan holda umumiy tamoyillar va qarorlarning amalga oshirilishiga ko‘maklashish orqali uning sa’y-harakatlarini to‘ldirishi lozim. Mazkur pozitsiya BMT Nizomida mustahkamlangan mintaqaviy kelishuvlar institutining huquqiy mantig‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mos keladi: mintaqaviy tuzilmalar universal tashkilotga muqobil emas, balki uning subsidiar hamkori sifatida qaraladi. Aynan shunday uyg‘unlikda hayotbaxsh ko‘ptomonlamalikning asosi ko‘rilmoqda.
Bu mantiqdan kelib chiqib, «SHHT plyus» formati oddiy kengaytirilgan majlis doirasidan chiqib, mintaqalararo muloqot maydoniga aylanishi taklif etildi. Uning amaliy ifodasi sifatida mintaqaviy tashkilotlarning Hamkorlik tarmog‘ini yaratish — ularning kotibiyatlari va ixtisoslashgan organlari o‘rtasida doimiy ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, tabiatdan foydalanish, «yashil» energetika, raqamli xizmatlar va sog‘liqni saqlash sohalarida mintaqalararo loyiha va texnologiyalarning Ochiq bankini shakllantirish, «SHHT Invest» forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma maqomini berish tashabbuslari ilgari surildi. Gumanitar yo‘nalishda esa «SHHT plyus» madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini ta’sis etish va uni ilm-fan va ma’rifatning qadimiy markazi bo‘lgan Xiva shahrida o‘tkazish taklif etildi.
Ushbu takliflarning umumiy konseptual o‘zagi — yangi ajratuvchi chiziqlarni yaratmaydigan, aksincha, imkoniyatlar makonini kengaytiradigan, mintaqaviy loyiha va tashabbuslar o‘zaro raqobatlashmasdan bir-birini to‘ldiradigan ko‘p qutblilik modelidir. O‘zaro bog‘liqlik bu yerda strategik mustaqillik va barqarorlik masalasi sifatida talqin qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, samarali xalqaro hamkorlik — dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir. Mojarolar keskinlashayotgan va xalqaro huquqning regulyativ quvvati zaiflashayotgan bir davrda aynan shunday yondashuv yangi xavf-xatarlardan himoyalanishning eng maqbul yo‘lidir.
Shuhrat Rahmonov,
Toshkent davlat yuridik universiteti kafedra mudiri,
yuridik fanlar doktori