Sportsevar ayollar festivali
Festival Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari tomonidan tashkil etildi.
Toshkent moliya instituti sport majmuasida “Sport – nafislik va salomatlik manbai” shiori ostida vazirlik, korxona va tashkilotlarda faoliyat koʻrsatayotgan ayollar oʻrtasida sportning suzish, shaxmat, stol tennisi, badminton, yengil atletika va gimnastrada turlari boʻyicha festival oʻtkazildi.
Festival Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirliklari tomonidan tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari E.Bositxonova mamlakatimizda sportning ayollarga xos turlarini rivojlantirish va shu orqali ularning salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan samarali ishlar haqida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, vazirlik, korxona va tashkilotlarda faoliyat koʻrsatayotgan ayol xodimlarning boʻsh vaqtlarida sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun yurtimizda zarur imkoniyatlar yaratilganini taʼkidladi.
Jumladan, xotin-qizlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan “Sport – nafislik va salomatlik manbai” sport musobaqalari ham ularning har tomonlama sogʻlom boʻlishlari uchun xizmat qilishi shubhasiz.

“Sport – nafislik va salomatlik manbai” shiori ostida oʻtgan festivalda 24 ta jamoa tarkibida 12 nafardan ishtirokchi sportning olti turi boʻyicha oʻzaro raqobatlashdi.
Tadbir yakuniga koʻra barcha jamoalar turli nominatsiyalar boʻyicha gʻolib, deb eʼtirof etildi, tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
