Sportchi yoshlar festivali
Navqiron avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, iqtidorini to‘laqonli namoyon etishi, o‘zi qiziqqan sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit va keng imkoniyatlar yaratish Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridandir.
Navqiron avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, iqtidorini to‘laqonli namoyon etishi, o‘zi qiziqqan sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit va keng imkoniyatlar yaratish Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridandir.Suv sporti bo‘yicha Andijonda o‘tkazilgan festivalda bu alohida ta’kidlandi. Yaratilayotgan sharoitlar tufayli keyingi yillarda viloyatda sportning ushbu turi tobora rivojlanib borayotir.
– O‘tgan yili sportchilarimiz suv sporti bo‘yicha mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda 207 oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi, – deydi suzish bo‘yicha Andijon viloyati terma jamoasi bosh murabbiysi R.Amilov. – So‘nggi yillarda Andijonda suv sporti bo‘yicha o‘ziga xos maktab shakllangani bois sportchilarimiz turli musobaqalarda yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Xususan, Muslima Odilova, Nodira Shamsuddinova, Shahnoza Siddiqova, Fotima Amilova, Renata To‘xtasinova, Shohsanam Toshpo‘latova singari sportchi qizlar nafaqat O‘zbekiston chempionati, balki Germaniya, Fransiya, Avstriya, Rossiya va boshqa davlatlarda bo‘lib o‘tgan nufuzli musobaqalarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Festivalda suzish, sinxron suzish va suvga sakrash bo‘yicha mamlakat va xalqaro musobaqalar g‘oliblari, yosh sportchilar, viloyatdagi bolalar va o‘smirlar sport maktablari suzish to‘garaklari tarbiyalanuvchilari o‘z mahoratini namoyish etdi. Ayniqsa, sinxron suzish bo‘yicha viloyat terma jamoasi hamda Andijon olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchilarining chiqishlari muxlisu mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.