Sport targʻiboti: barkamol avlod yurt kelajagi
Sport – harakat, olg‘a intilish, o‘z ustingda ishlash, sog‘lom hayot sari eng katta qadamdir. Sportchining zimmasida esa katta mas’uliyat va javobgarlik bor. Maydonga birgina o‘zing uchun emas, senga ishonch bildirgan insonlar, yaqinlaring umidini so‘ndirmaslik, ularning sen bilan bog‘liq orzularini ro‘yobga chiqarish uchun ham tushasan.
Qolaversa, yosh avlod salomatligini mustahkamlash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish ham muhim ahamiyatga ega.
Oliy ta’lim muassasasining murabbiysi sifatida aytish joizki, bu boradagi ishlarni izchil olib borishda davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘rsida”gi qarori faoliyatimizda dasturilamal bo‘lmoqda.
Ortga nazar tashlaydigan bo‘lsam, Namangan muhandislik-texnologiya institutida o‘tgan yillardagi faoliyatim davomida sportning muay-tay turi bo‘yicha 14 nafar O‘zbekiston sport ustasining yetishib chiqishiga erishgan bo‘lsam, shogirdlarim orasidan 2 nafar jahon, 4 nafar Osiyo, 50 dan ortiq O‘zbekiston chempionlari bor. Ular va 122 nafardan ziyod mamlakat chempionati sovrindorlari bo‘lgan shogirdlarimning yutug‘i – tinimsiz mehnat, shug‘ullanish, o‘zimizga bo‘lgan qat’iy ishonch va harakatimiz samarasi, albatta.
Shu o‘rinda, shogirdlar orasida Javlonbek Yo‘ldoshev, Muyassar Qambaraliyeva, Xurshidbek Nurullayev, Parizoda Habibjonova, Fotima Qambarova, Dilnavoz G‘oyibberdiyeva, Zuhriddin Jumayev, Odiljon Mirzaumarov kabi chempionlarni alohida e’tirof etish joiz.
Muay-tay sharqona yakka kurash turlari orasida eng qiyini hisoblanib, texnikasi sportchiga uzoq, o‘rta va yaqin masofada teng darajada yaxshi jang qilish imkonini beradi. Kamina ham 20 yil davomida “tay-boks” bilan shug‘ullanganman, yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda uch karra, kattalar o‘rtasida ikki karra mamlakat chempioni bo‘ldim. Bularni nega aytayapman? Chunki sportning har bir g‘alabasi katta tajriba demak. Sportchi hatto, mag‘lubiyatidan ham saboq olmog‘i kerak. Ustozlarimning bu kabi o‘gitlariga amal qilib, kam bo‘lmayapman.
Murabbiylik faoliyati bilan birgalikda institutda talabalarga ta’lim berib kelayapman. O‘tgan 2021 yilda Respublika Oliy attestatsiya komissiyasi Namangan muhandislik-texnologiya instituti kengashining tavsiyasiga ko‘ra, “Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy ishni muvaffaqiyatli himoya qildim.
Odatda, sport deganda insonlar ko‘z oldiga faqat mashg‘ulotlar va sport musobaqalari keladi. Biroq bu jarayonning ham o‘ziga xos nazariyasi, uslubi borligiga va bu boshqa fanlardan sira farq qilmagan holda juda murakkab, izlanish, o‘qib-o‘rganishni talab qilishiga ko‘p ham e’tibor qaratilmaydi. Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishida yurtimiz o‘ziga xos tajribaga ega. Shu boisdan ham hali ko‘p ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishi zarur va bu soha rivojiga xizmat qiladi.
Buning uchun oliy ta’lim dargohimizda biz uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda institut moddiy-texnik bazasining mustahkamlangani jismoniy tarbiya kafedrasi o‘qituvchilari va talabalar uchun katta imkoniyatlarni tuhfa etmoqda.
Talabalar yilning to‘rt faslida uzluksiz sport mashg‘ulotlarida qatnashadi. Talabalardan tashqari, institutga biriktirilgan mahallalardan ham yigit-qizlar sport seksiyalariga keladi. Ular orasidagi uyushmagan yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Chunki ular sport orqali hayotda o‘z yo‘lini topib oladi, jismonan toblanadi. Ana shunday yoshlardan aksariyati sport bilan shug‘ullanib, unga mehr qo‘yib, ushbu yo‘nalishda oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgani quvonarlidir.
Hali reja va maqsadlarimiz katta. Ayniqsa, murabbiy uchun shogirdlari g‘alaba qozonib, shu munosabat bilan jahon arenalarida Vatan bayrog‘ining ko‘tarilishidan ortiqroq baxt bo‘lmasa kerak. Muhimi, shuning o‘ziyoq murabbiyga katta kuch bag‘ishlaydi.
Ulug‘bek Qo‘chqorov,
Namangan muhandislik-texnologiya instituti
jismoniy tarbiya va sport bo‘limi boshlig‘i, dotsent.
O‘zA