Sport maktablari rahbarlari uchun seminar
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da yurtimizda faoliyat yuritayotgan sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari direktorlari uchun o‘tkazilayotgan o‘quv-seminar mashg‘ulotlarining ochilish marosimi tahliliy va tanqidiy ruhda o‘tdi.
O‘quv-seminarlarga start berish tadbirida ishtirok etgan sport vaziri Adham Ikromov xalqaro musobaqalar, nufuzli chempionatlar, kompleks o‘yinlarda vatanimiz sharafini himoya qilayotgan sportchilarning har jihatdan salohiyatli bo‘lishida sport maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar rahbarlaridan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish talab etilayotganini ta’kidlab, mashg‘ulotlarga jiddiy e’tibor qaratish kerakligini aytib o‘tdi.

Mashg‘ulotlar boshlanishi oldidan tegishli sport tashkilotlari va muassasalarining rahbarlari, bo‘lim va boshqarma boshliqlari, yetakchi mutaxassislar qatnashgan yig‘ilishda vazirlik boshqarmalari tomonidan o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dolzarb taqdimotlar o‘tkazilib, mazkur amaliyotni sport maktablarida ham joriy etish zarurligi bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Sport maktablari rahbarlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini amaliyotga joriy etish hamda sport muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida tashkil etilayotgan seminar dasturidan kadrlar siyosati, ommaviy sportni rivojlantirish, faoliyat samaradorligi va reyting ko‘rsatkichlarini joriy etish joy olgan.

Shuningdek, seminar davomida sport maktablari rahbarlari sportchilarni tayyorlash tizimi, sohani raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat xaridlari, sport infratuzilmasini rivojlantirish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Sport boshqaruvi va sohani rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini qamrab oladigan o‘quv-seminar joriy yilning 27-iyuniga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA