Shaxmat: Jahongir Vohidov Abu Dabi turnirida muvaffaqiyatga erishdi
Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan “32nd Abu Dhabi International Chess Festival” musobaqasining “Masters” guruhida hamyurtimiz Jahongir Vohidov g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
57 ta davlatning 109 nafar shaxmatchisi ishtirok etgan turnirning “Masters” guruhida mahoratli grossmeysterimiz J.Vohidov munosib o‘yin namoyish etdi.
Jahongir Vohidov o‘tkazilgan 9 ta tur yakunlariga ko‘ra, 7 ochko jamg‘ardi va turnir g‘olibi bo‘ldi.

32-bor tashkil etilgan mazkur turnirning “Masters” guruhida ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni 6,5 ochko jamg‘argan rossiyalik Daniel Dubov va FIDE bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etgan Aleksandr Raxmanov egalladi.
Musobaqaning “Masters” guruhida dona surgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Muhammadzohid Suyarov, Miraziz Matyaqubov 5 ochko bilan 33 va 35-o‘rinlardan joy oldi.
Turnirning “Open B” guruhida qatnashgan yosh shaxmatchilarimizdan Muhammadziyo Umarov 7,5 ochko bilan 150 nafar qatnashchi orasida 4-pog‘onaga ega chiqdi.

Terma jamoamiz a’zosi Jahongir Vohidov “Masters” guruhidagi yorqin g‘alabasi tufayli mukofot jamg‘armasida belgilangan 15 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA