Sentyabr oyida Samarqand jahon shaxmati markaziga aylanadi
10-sentabrdan 28-sentabrga qadar ko‘hna va hamisha navqiron Samarqandda III Butunjahon para-shaxmat olimpiadasi va 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘tkaziladi. Shuningdek, mazkur tadbirlar doirasida 20-27-sentabr kunlari Samarqand shahrida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) kongressi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur tadbirlarda qatnashish uchun Samarqandga 4 mingdan ortiq xorijlik mehmonlar – xalqaro tashkilotlar rahbarlari, jahon shaxmati ustalari, xalqaro grossmeysterlar va yosh sportchilar, murabbiylar va hakamlar, shaxmat muxlislari kelishi kutilmoqda.
Musobaqalarda esa 200 dan ortiq davlatdan sportchilar qatnashish istagini bildirgan va bu jahon shaxmat olimpiadalari ishtirokchilari soni bo‘yicha rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining tantanali ochilish marosimi esa Samarqand shahridagi Registon maydonida o‘tkazilishi uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Ayni paytda Samarqandda mazkur xalqaro sport tadbirlariga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Asosiy bahslar Samarqand xalqaro turizm markazida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan va ayni paytda bu yerda tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha shtab faoliyat ko‘rsatmoqda. Shtabda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) bilan hamkorlikda tegishli vazirlik va idoralar, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari tomonidan mehmonlarni kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, ularga transport va boshqa xizmatlar ko‘rsatish, madaniy dasturlar va sayohatlar uyushtirish kabi vazifalar muvofiqlashtirib borilmoqda.
Samarqand xalqaro aeroporti va temiryo‘l vokzalida mehmonlarni kutib olish va belgilangan manzilga yetkazish uchun ishchi guruhlar faoliyat ko‘rsatadi.
Mehmonlar uchun Samarqand xalqaro turizm markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi atrofi hamda Samarqand shahrida joylashgan 38 ta mehmonxonada o‘rinlar tayyorlanmoqda. Sportchilar va murabbiylarni musobaqa o‘tkaziladigan joyga olib kelish va yana mehmonxonalarga yetkazish uchun muntazam elektrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Musobaqalar o‘tkaziladigan “Ipak yo‘li” xalqaro ko‘rgazmalar markazida sportchilar, murabbiylar, hakamlar, OAV vakillari va mehmonlarni qabul qilish uchun barcha texnik va logistik imkoniyatlar yaratilmoqda.
– Butunjahon shaxmat olimpiadasi va para-shaxmat olimpiadasida sayyoramizning eng kuchli grossmeysterlari, amaldagi jahon chempionlari va AQSH, Hindiston, Xitoy, Germaniya, Gruziya singari yetakchi terma jamoalari kuch sinashadi, – deydi Samarqand viloyat shaxmat federatsiyasi ijrochi direktori Ilhom Ergashev. – Mezbon sifatida O‘zbekiston ochiq va ayollar bahslarida uchtadan jamoa bilan ishtirok etish huquqiga ega bo‘lib, milliy jamoamiz asosiy favoritlar qatorida e’tirof etilmoqda. Terma jamoamiz tarkibida viloyatimizdan para-shaxmatda Ilhom G‘ulomov, Amrillo Abdullayev va Ilhom Ergashev hamda olimpiada dasturida grossmeyster Jahongir Vohidov, xalqaro toifadagi shaxmatchi qizlar Afruza Hamdamova, Guldona Karimova, Marjona Malikova, Ozoda Shahzodova hamda Shohina Ahmedova yurtimiz sharafini himoya qiladi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri