So‘xdagi tibbiyot muassasalari 10 milliard so‘mlik tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi
Bugun mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, buni So‘x tumani misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Prezidentimizning joriy yil 8 avgustda qabul qilingan “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida mazkur yo‘nalishda ko‘plab chora-tadbirlar belgilangan.
Ayni kunlarda tuman tibbiyot birlashmasining 25 o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasida rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Shuningdek, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, ularning malakasini oshirish uchun sharoitlarni yaratish doimiy e’tiborda. Markaziy shifoxonada respublika tibbiyot markazlari o‘rtasida zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda telemeditsina tizimi joriy etildi. Ilgarilari viloyat markazidagi shifoxonalarda bajarilgan murakkab jarrohlik amaliyotlari shu yerning o‘zida qilinayotgani ham katta imkoniyat bo‘ldi.


–Prezidentimiz tomonidan berilayotgan e’tibordan barcha tibbiyot xodimlari minnatdor. Shu kungacha tuman markaziy shifxonasiga davlatimiz rahbari e’tibori asosida salkam 10 milliard so‘mlik zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar olib kelindi. Tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi ham qiymati salkam 1 milliard so‘m bo‘lgan PSR uskunasi bilan ta’minlandi, - deydi tuman markaziy shifoxonasi bosh hakimi R. Tojiyev.
Tuman markaziy shifoxonasini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlashda homiylar ko‘magini ham alohida e’tirof etish lozim. Xususan, Respublika “Agrobank” ATB tomonidan tuman markaziy shifoxonasining diagnostika markaziga yangi zamonaviy UZI apparati sovg‘a qilindi. Uning qiymati salkam 400 million so‘mni tashkil etadi.
M. Sulaymonov, O‘zA