Sovuq kunlarda is gazidan saqlanish – dolzarb masala
Har bir faslning o‘ziga xos tarovati, go‘zalligi bor: bahorda tabiat uyg‘onsa, yoz issiq kunlari va sayohatlar bilan yodda qoladi, kuzda olovrang daraxt barglari insonga o‘zgacha zavq beradi.
Shu bilan birga, yoz – cho‘milish mavsumida cho‘kish bilan bog‘liq fojialar ko‘ngilni xira qilsa, sovuq kunlarda is gazidan saqlanish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Qo‘lbola pechlardan foydalanish, gaz tarmoqlariga rezinali shlanglar orqali nostandart ulanish yoki dudburonlarni o‘z vaqtida tozalamaslik inson hayotiga xavf tug‘diradi. Hattoki, xonalarni ochiq olov yordamida isitish ham uglerod oksididan zaharlanish xavfini oshiradi.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi toksikologiya bo‘limi mudiri Ne’mat Ishbayevning ta’kidlashicha, is gazi nafas yo‘llari orqali organizmga o‘tib, qondagi gemoglobin bilan birikadi va uning kislorod tashish qobiliyatini keskin pasaytiradi. Natijada tanada keskin kislorod tanqisligi yuzaga keladi.
Is gazining xavfliligi shundaki, u na rangga, na hidga ega. Odam u bilan nafas olayotganini sezmay ham qoladi.
– Bunday vaqtda yengil shakldagi zaharlanish bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, mushaklar bo‘shashishi, quloqlar jiringlashi va uyquchanlik bilan namoyon bo‘lsa, og‘ir holatlarda hushdan ketish, tutqanoq va nafas olishning to‘xtashi yuz beradi. Kuchli zaharlanish fojia bilan tugashi yoki uning og‘ir asoratlari oradan 2-3 hafta o‘tib ham bilinishi mumkin. Agar shunday xavfli holat yuzaga kelib, is gazidan zaharlanish gumon qilinsa, bir soniyani ham boy bermasdan jabrlanuvchini zudlik bilan toza havoga olib chiqish va tez tibbiy yordamni chaqirish, nafasni qisib turgan kiyimlarni bo‘shatish zarur, – deydi shifokor. – Agar bemor hushsiz, ammo nafas olayotgan bo‘lsa, uni yonbosh holatda yotqizish, nafas olmayotgan holatda esa dispetcher ko‘rsatmasi bilan zudlik bilan yurak-o‘pka reanimatsiyasini boshlash talab etiladi. Jabrlanuvchining ahvoli yaxshilangandek ko‘rinsa ham, uni albatta, shifokor ko‘rigidan o‘tkazish shart, chunki yashirin asoratlar kutilmaganda o‘z so‘zini aytishi mumkin.
Shunday ekan, ko‘rinmas xavfning oldini olish choralarini ko‘rish – isitish pechlari, dudburonlar va shamollatish shaxtalarining sozligini muntazam tekshirish hamda nosoz jihozlardan aslo foydalanmaslik kerak.
Mohigul Qosimova,
O‘zA