Somali qaroqchilari 13 yillik sokinlikdan so‘ng uyg‘ondi
Somali sohilida dengiz qaroqchiligi so‘nggi yillarda kuzatilgan sustlikdan keyin yana avj olmoqda. Xalqaro dengiz tashkiloti tahliliga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon mintaqa suvli hududida 15 hujum qayd etilgan. Bu 2013-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, o‘tgan yildagi 5 holatdan keskin ko‘p.
Ayniqsa Somali va Yaman o‘rtasidagi Adan qo‘ltig‘ida vaziyat jiddiy. May oyidan beri bu hududda 8-marta bosqin sodir etilgan. Qizil dengizni Hind okeani bilan bog‘lagan mazkur yo‘lak yer yuzidagi eng serqatnov dengiz yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Umuman, 28-fevralda Eron, AQSH va Isroil o‘rtasida boshlangan urush mintaqadagi qatnovga qo‘shimcha bosim o‘tkazib, dengiz tashuvida xavfni oshirgan.
Yilning eng yirik hodisasi 21-aprelda ro‘y bergan. Qurollangan qaroqchilardan iborat taxminan 30 kishilik guruh Eyl shahri shimolida harakatlanayotgan “Honour-25” neft tashuvchi kemasiga hujum qilib, 17 nafar ekipaj a’zosini garovga olgan. Manbaga ko‘ra, 90 metrlik kema hanuz qaroqchilar nazoratida. Eyl Somali qaroqchiligining muhim markazi sifatida tilga olinadi.
Shunga qaramay, hozirgi ko‘lam 2011-yildagi avj nuqtadan ancha past. O‘sha davr 3 yil davomida qariyb 200 kemaga hujum uyushtirilgani tufayli esda qolgan. Yangi raqam dengiz xavfsizligi bilan bog‘liq eski tahdid yana bosh ko‘tarayotganini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA