AQSH Ekvador yordamida narkokartel logistikasiga zarba berdi
AQSH Janubiy qo‘mondonligi – “South Com” ma’lumotiga ko‘ra, AQSH va Ekvador kuchlari Sharqiy Tinch okeanidagi xalqaro suv hududida “Los Choneros” karteli foydalangan yonilg‘i ta’minoti kemasiga qarshi amaliyot o‘tkazdi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad giyohvand moddalar tashish logistika tarmog‘iga zarba berish edi.
Amerika harbiylari “USS San Antonio” kemasida harakatlanib, yonilg‘i ta’minoti kemasiga chiqqan. Kemadagi shaxslar Ekvador hukumatiga topshirilgan. Shundan so‘ng bo‘shatilgan kema cho‘ktirilgan. Mazkur kema avvalroq AQSH Moliya vazirligi tomonidan sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan.
Logistika zanjiri – kartelning asosiy tayanchi
Giyohvandlik savdosida faqat modda emas, mahsulotni tashish, jarayonni yonilg‘i bilan ta’minlash va suvda harakatlanish imkonini beradigan infratuzilma ham muhim o‘rin tutadi. Shu nuqtai nazardan amaliyot davomida aynan yonilg‘i ta’minoti kemasi nishonga olinishi e’tiborli. Bunday ta’minot uzoq masofaga harakatlanadigan kichik kemalar uchun ham muhim logistik resurs hisoblanadi. Ya’ni, bo‘g‘in ishdan chiqarilishi kartelning tashish imkoniyatiga ta’sir ko‘rsatadi.
Ekvador bilan hamkorlik kuchaymoqda
Bu galgi amaliyot Ekvador hukumati ko‘magida amalga oshirildi. “South Com” qo‘mondoni general Frensis L.Donovan ta’kidlashicha, ekvadorliklar bilan birga o‘tkazilgan amaliyot giyohvandlik terrorizmiga qarshi mintaqaviy hamkorlikning amaliy natijasidir. Demak, Amerika mintaqa davlatlari bilan xavfsizlik sohasidagi sheriklikni kuchaytirishga intilyapti.
“Los Choneros” – Ekvadordagi eng xavfli jinoiy tuzilmalardan biri
Ekvadordagi yirik jinoiy tuzilma sifatida tanilgan “Los Choneros” guruhi giyohvand moddalar savdosi bilan birga boshqa uyushgan jinoyat turlari bilan ham bog‘langan. Shu bois, AQSHning kartelga qarshi harakati quruqlikdagi amaliyot bilan cheklanmaydi. Dengiz yo‘li, ta’minot vositasi va logistika tarmog‘i ham nishonga olinadi. Ayni yondashuv kartelning moliyaviy va tashkiliy imkoniyatini kamaytirishga qaratilgan.
AQSHdan yangicha yondashuv
Kemadagi shaxslar evakuatsiya qilinib, Ekvador rasmiylariga topshirilgani ham muhim. Ya’ni asosiy zarba insonga emas, guruh foydalangan logistika vositasiga qaratilgan. Bu harakat G‘arbiy yarim sharda giyohvandlik terrorizmiga qarshi kurash rejasining bir qismi sifatida baholanmoqda.
Sharqiy Tinch okeanidagi ushbu voqea giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashda dengiz kommunikatsiyasi va ta’minot zanjiri tobora ko‘proq e’tibor markaziga chiqayotganini ko‘rsatadi.
Nodira Qayumova, O‘zA