Sohil voleyboli: Yangi g‘alabalarning mustahkam poydevori yaratilmoqda
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” sport maydonida sohil voleyboli bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan “CAVA Beach Volleyball Championship 2026” musobaqasi mintaqada ushbu sport turining rivojiga salmoqli ta’sir ko‘rsatishi bilan birga, milliy terma jamoalarning o‘yin amaliyoti yuksalishiga xizmat qildi.
Besh kunlik shiddatli bahslar natijasida ayollar o‘rtasidagi final o‘yinida O‘zbekiston milliy terma jamoasi qizlari qo‘shni Qirg‘iziston vakillaridan ustunlikka erishib, oltin medallarga ega chiqqan bo‘lsa, qardosh mamlakat voleybolchi qizlari kumush medallarni qo‘lga kiritdi.
3-o‘rin uchun o‘tgan o‘yinda O‘zbekiston-2 jamoasi O‘zbekiston-1 vakillarini 2:0 hisobida mag‘lub etib, bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
“CAVA Beach Volleyball Championship 2026”ning erkaklar bahsida Qozog‘iston jamoasini 2:0 hisobida yenggan Eron terma jamoasi chempionlik maqomiga ko‘tarildi. O‘z navbatida, Qozog‘iston jamoasi kumush hamda Eron-2 jamoasi bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
[gallery-30590]
—Bugun mintaqamizda sohil voleyboli jadal rivojlanmoqda. Bu, o‘tkazilayotgan turnir va chempionatlarning saviyasi, darajasi qanchalik o‘sganida o‘z aksini topgan. Birgina mamlakatimizda sohil voleyboli bo‘yicha qisqa fursatda turli yosh toifalari bo‘yicha musobaqalarni tizimli tarzda tashkil etish orqali milliy terma jamoa va uning zaxira tarkibi shakllantirildi. Maqsadimiz, 2028-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarida aynan sohil voleyboli bo‘yicha milliy terma jamoamizning ishtirokini ta’minlash. Bu yo‘lda keng hajmdagi ishlar, sa’y-harakatlar olib borilmoqda. “CAVA Beach Volleyball Championship 2026” musobaqasining Toshkentda o‘tkazilishi ham aynan shunga qaratilgan. Erkaklar o‘rtasidagi o‘yinlarda yuqori o‘rinlar egallanmagan bo‘lsa-da, katta tajriba to‘pladik. Ayollar jamoalarimiz esa sohil voleybolida yuqori professional darajasini namoyish etishni boshladi. O‘ylaymanki, murabbiylar, mutaxassislar, tegishli ekspertlarning hamjihatligida sohil voleybolida yuksak natijalarga erishamiz. Muhimi, bu yo‘lda “CAVA Beach Volleyball Championship 2026” kabi xalqaro o‘yinlar o‘tkazilish tizimi yaratildi. Xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda, — deydi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Farhod Alimov.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar, eng yaxshi o‘yin amaliyotini namoyish etgan voleybolchilar, murabbiylar esdalik sovg‘alari, diplom, medal hamda maxsus kuboklar bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA