O‘zbekiston – Argentina: futbol va yakkakurash sport turlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Argentina davlati bilan futbol va yakkakurash sport turlarini rivojlantirish, mahoratli futbolchi va sportchilarni tayyorlash borasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Bu haqda poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov hamda Argentina Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Enriquye Ignacio Ferrer Viyeyra bilan o‘tkazgan muloqoti davomida aytib o‘tildi.
Uchrashuv davomida sport sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ayrim sport turlari bo‘yicha tajriba almashishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, mamlakatimizda futbolni rivojlantirish yo‘nalishida Argentina bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari, yakkakurash sport turlari bo‘yicha O‘zbekistonning ilg‘or tajribasini Argentina sportiga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
Muhokamalar so‘ngida sport sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishning yangi imkoniyatlari borasida takliflar ilgari surildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA