Mayamida AQSH va O‘zbekiston shaxmatchilarining “jangi” davom etmoqda
AQSHning Mayami shahrida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston va AQSH terma jamoalari o‘rtasida "WR Chess Rapid & Blitz" jamoaviy musobaqasining birinchi kungi bahslari ortda qoldi.
Rapid yo‘nalishidagi ilk kungi musobaqada 4 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. 1-turda okean orti jamoasi O‘zbekiston shaxmatchilaridan 2,5:1,5 hisobida ustunlikka erishdi.
Ushbu turda Javohir Sindorov - Hikaru Nakamura, Nodirbek Abdusattorov - Fabiano Karuana va 4-taxtada o‘tgan Shamsiddin Vohidov - Lener Dominges Peres qarama-qarshiligidagi bahslarda tomonlar murosa yo‘lini tanladi. Faqat 3-taxtada Muhiddin Madaminov va Uesli So o‘rtasida kechgan o‘yinda hamyurtimizdan omad yuz o‘girdi.
2-turda 2:2 hisobi qayd etilgan bo‘lib, ushbu uchrashuvda Abdusattorov Karuana bilan durang qayd etdi, Sindorov Nakamurani taslim etdi, Vohidov Soga yutqazib qo‘ydi, Yoqubboyev Levon Aronyan bilan ochkolarni taqsimlab olishdi.

3-turda birgina Nodirbek Abdusattorov g‘alabaga erishgani va Yoqubboyevning durang qayd etishi ham jamoamizni mag‘lubiyatdan qutqarmadi. Hisob - 2,5:1,5.
Hal qiluvchi 4-tur musobaqasida Javohir Sindorov va Nodirbek Abdusattorovning g‘alabasi evaziga terma jamoamiz AQSHni 2,5:1,5 ko‘rinishida yengdi.
Rapid musobaqalari yakuniga ko‘ra, taxtalar bo‘yicha AQSH jamoasi 8.5, O‘zbekiston shaxmatchilari 7.5 ochkoga ega bo‘ldi.
Bugun, 28-iyul kuni musobaqaning 8 ta turdan iborat blits o‘yinlari tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA