Sohil voleyboli: Qarshida O‘zbekiston chempionlari aniqlanmoqda
Shu kunlarda Qarshi shahridagi Xalqaro innovatsiya universiteti sport maydonlarida voleybol bo‘yicha o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida turli yosh toifalaridagi jamoalar ishtirokida sohil voleyboli bo‘yicha O‘zbekiston chempionati musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Bugungacha Qashqadaryo viloyatida ilk bor tashkil etilayotgan chempionatning U14 va U16 yosh toifalarida musobaqalar yakunlanib, g‘olib va sovrindor jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi.
U14 yosh toifasidagi qizlar musobaqasining final bahsida Xorazm jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2:1 hisobida mag‘lub etib, sohil voleyboli bo‘yicha O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga ega chiqdi. Sirdaryolik voleybolchi qizlar Buxoroni 2:0 hisobida dog‘da qoldirishi ortidan bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Ushbu yosh toifasining o‘g‘il bolalar o‘yinlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2:0 hisobida yenggan Samarqand jamoasi chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Bronza medali Qarshi shahridagi Xalqaro innovatsiya universiteti jamoasiga nasib etdi.

Chempionatning U16 yosh toifasidagi o‘yinlar yakuniga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Qarshi shahri, Qoraqalpog‘iston va Jizzax viloyati jamoalari sovrinli o‘rinlar sohibi bo‘lgan vaziyatda Toshkent, Jizzax va Xorazm viloyati voleybolchi qizlari O‘zbekiston chempionatining eng kuchli jamoalari ekanligini amalda isbotladi.
Bugun, 16-sentabr kuni chempionat dasturiga muvofiq, U18 va U20 yosh toifalaridagi o‘yinlarga start berildi.
Musobaqalar 20-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA