“Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam!”
Guliston davlat universitetida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va universitet jamoasini ommaviy sportga jalb etish maqsadida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam!” shiori ostida piyoda yurish marafoni o‘tkazildi. Unda universitet professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlar va talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
– Uzoq yillik pedagogik faoliyatim davomida bilganim shuki, sog‘lom tanada sog‘lom tafakkur shakllanadi,– deydi professor Karim Nuriyev. – Bunday tadbirlar yoshlarimizga o‘rnak bo‘lish, ular orasida jismoniy faollik madaniyatini shakllantirish uchun juda muhim. Yurish – eng oddiy va foydali mashq. Biz hamisha sog‘lom hayot tarafdorimiz!

Mazkur sport-sog‘lomlashtirish tadbirida universitetning tibbiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etib, marafon ishtirokchilariga "Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam" sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari, kamharakatlik sabab kelib chiqishi mumkin bo‘lgan kasalliklar, ularning oldini olish haqida ma’lumot berishdi.

– Bu kabi sport tadbirlari nafaqat jismoniy faollikni oshirish, balki jamoamizni yanada jipslashtirishga ham xizmat qiladi,– deydi universitet psixologi Mashhura Karimova. — Chunki, ertalab 5000 qadam yurish kishiga energiya va ijobiy kayfiyat bag‘ishlaydi.
Marafon ishtirokchilari nafaqat sport bilan shug‘ullanishdi, balki sog‘lom ovqatlanish, muntazam jismoniy mashqlar va stressni boshqarish bo‘yicha muhim tavsiyalar olishdi. Tadbirning ijobiy natijalari inobatga olinib, endilikda universitetda haftaning har seshanba va juma kunlari “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam!” kuni etib belgilandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri