“So‘g‘diyona” keyingi bosqichda
Jizzax shahridagi “So‘g‘diyona” markaziy stadionida maydon egalari Muborak shahrining “Mash’al” klubi bilan kechgan bahsning qo‘shimcha bo‘limlarida mag‘lubiyatga uchratib, O‘zbekiston kubogining chorak finaliga yo‘l olgan 7-jamoa bo‘ldi.
O‘yin “So‘g‘diyona” futbolchilarining yaqqol ustunligi bilan boshlandi. Uchrashuvning 24-daqiqasida jizzaxliklar futbolchisi Shavkat Salomov hisobni ochdi – 1:0. Oradan 5 daqiqa o‘tib, Abdujalil Manazarov gol kiritib hisobning – 2:0 bo‘lishini ta’minladi.

Barcha futbol muxlislari, Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari o‘ylagandek, “Muborakliklar ustidan osongina g‘alabaga erishamiz”, degan xayolga borgani turgan gap. Ammo pro liga vakili “Mash’al” klubi futbolchisi Muzaffar Abdullayev uchrashuvning 38-daqiqasida hisobdagi farqni qisqartirgan bo‘lsa, (2:1), 2-bo‘limning 77-daqiqasiga kelib, qashqadaryolik Xudoyorxon Sa’dullayev mezbonlar darvozasiga 2-golini kiritdi va uchrashuvning asosiy vaqti 2:2 hisobida yakunlanishiga o‘z hissasini qo‘shdi.
O‘yinni boshqargan hakam Sultonmurod Abdurahmonov g‘olibni aniqlash uchun har biri 15 daqiqadan vaqt belgiladi.

“Mash’al” jamoasi futbolchilari qo‘shimcha bo‘limlarda jismonan toliqib qolgani sezildi. Qo‘shimcha bo‘limlar nisbatan tajribali bo‘lgan jizzaxliklarning to‘liq ustunligida o‘tdi. 3-bo‘limning 95-daqiqasida Xislat Halilov hisobni – 3:2, 101-daqiqada Husniddin G‘ofurov – 4:2 va 116-daqiqada Sardor Qulmatov – 5:2 ga yetkazib, “So‘g‘diyona”ni chorak finalga chiqishini ta’minladi. “So‘g‘diyona” – “Mash’al” yakuniy hisob – 5:2.

O‘zbekiston kubogi nim chorak bahslaridagi qolgan uchrashuvlarida quyidagi natijalar qayd etildi – Toshkentning “Bunyodkor” va “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasidagi bahsning asosiy va qo‘shimcha taymlarida durang 2:2 natijasi qayd etildi. Penaltilarda “temiryo‘lchilar”ning qo‘llari baland kelib, 4:5 hisobida zafar quchdi.
Shuningdek, “Andijon” (Andijon) – “Turon” (Yaypan) – 3:2, “Paxtakor” (Toshkent) – “Sho‘rtan” (Sho‘rtan) – 5:0, “Olimpik” (Toshkent) – “Navbahor” (Namangan) – 0:1, “Qizilqum” (Navoiy) – “Qo‘qon-1912” (Qo‘qon) – 2:1.
A.Qayumov, O‘zA