Sobiq davlat xizmatchisi ishga kirishda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan olgan xulosani taqdim etadi
Adliya vazirligi sobiq davlat xizmatchilarini ishga qabul qilishda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan xulosa olish bo‘yicha idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur hujjat “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Ushbu qonunda davlat organi yoki tashkilotida ishlagan xodim ishdan bo‘shaganidan keyin 2 yil davomida uni o‘zi nazorat qilgan tashkilotga ishga olishdan oldin avvalgi ish joyining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmasidan majburiy xulosa olinishi belgilangan.
Bunda, nazorat ostida bo‘lgan tashkilot sobiq davlat xizmatchisini ishga qabul qilmoqchi bo‘lsa, kadrlar bo‘limi bir ish kuni ichida ichki nazorat bo‘linmasiga murojaat qiladi.
Ichki nazorat bo‘linmasi 3 xil xulosa beradi: ijobiy – ishga qabul qilish mumkin; cheklovli ijobiy – ayrim cheklovlar bilan ishga qabul qilinadi; salbiy – ishga qabul qilish rad etiladi.
Ushbu xulosa olinmagan yoki salbiy xulosa berilgan taqdirda nomzodni ishga qabul qilish taqiqlanadi.
Cheklovli ijobiy xulosa berilganda, xodimga quyidagi choralar belgilanadi: 3 oy davomida avval nazorat qilgan tashkilot bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok eta olmaydi; manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan vazifalari qayta taqsimlanadi; faoliyati ichki nazorat bo‘linmasi tomonidan monitoring qilinadi.
Agar sobiq davlat xizmatchisi ichki nazorat bo‘linmasining xulosasidan norozi bo‘lsa, u yuqori turuvchi tashkilotga yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga shikoyat qilish huquqiga ega.
N.Abduraimova, O‘zA