Mingbuloqda bir maydonda ham baliq, ham sholi hosili olish tajribasi sinovdan o‘tmoqda
Yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi va bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Prezidentimizning “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ayni shu ezgu maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Bu borada Namangan viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molik.

Mingbuloq tumanidagi “Bosaraliyev Muqimjon” fermer xo‘jaligiga qarashli 12 gektar baliq ko‘lining 30 sotix qismida Vetnam davlati usuli asosida sholi yetishtirish tajribasi yo‘lga qo‘yildi. Fermerning qayd etishicha, bir maydonning o‘zida ham baliqchilikni rivojlantirish, ham qo‘shimcha sholi hosili olish ko‘zlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, qariyb besh tonna sholi yetishtirish, suv sarfini ikki barobargacha qisqartirish va bozorga qo‘shimcha mahsulot yetkazib berish rejalashtirilgan. Agar tajriba o‘zini oqlasa, mazkur xorijiy usul suv resurslari cheklangan hududlarda fermer xo‘jaliklari uchun yangi imkoniyat eshigini ochadi.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruhi Mingbuloqdagi o‘rganishlari davomida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan yangi innovatsion loyihalar bilan tanishuv jarayonida yangi tajribaning samaradorligiga alohida e’tibor qaratib, uning natijadorligini tahlil qilish, ijobiy tajribani boshqa hududlarda ham ommalashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA