Beshariqqa belaruslik hamkorlar keladi (+video)
Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida bir yarim ming gektardan ziyod mevazorlar mavjud. Ilgari bog‘ egalari yetishtirilgan hosilni asosan xonadon sharoitida quritib, qadoqlagan holda mahalliy bozorlarda sotar edi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar tufayli bu jarayon yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugun meva-sabzavotlarni qayta ishlash, quritish, qadoqlash va eksportga tayyorlash ishlari zamonaviy korxonalar hamda ixtisoslashgan ishlab chiqarish quvvatlarida amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, mahsulotga qo‘shimcha qiymat yaratish va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda.

Ma’lumki, shu kunlarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasida rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Ikki davlat rahbarlarining muloqotlari chog‘ida O‘zbekiston va Belarus hududlarining III forumi doirasida mamlakatimizdagi belaruslik tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan qator investitsiya loyihalariga start berildi.

Xususan, ular orasida Beshariq tumanida belaruslik tadbirkorlar ishtirokida amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihasi ham bor.
Beshariqlik “Beshagrosmakarol” mas’uliyati cheklangan jamiyat muassisi Jahongir Nosirov aslida oddiy qishloq yigiti. Dastlab xonadonida, so‘ngra kichikroq sex qurib o‘rik va boshqa mevalarni quritish, qadoqlash va eksport qilish bilan shug‘ullana boshladi. Asta sekin uning brendi Osiyo, Yevropa mamlakatlariga kirib bordi. Shunda unga Xitoy, Rossiya, Belarus, Polsha kabi davlatlardan hamkorlikda ishlab chiqarishni joriy etish haqida takliflar keldi. Jahongir ularning birini tanladi. U mevani qayta ishlash va shokolad ishlab chiqarish loyihasi edi.

Loyihada 20 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Natijada korxonada yiliga 10 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsuloti qayta ishlanib, tayyor mahsulotlar ichki bozorga yetkazib berilishi hamda eksportga yo‘naltirilishi ta’minlanadi. Loyiha doirasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Nihoyat Belarusning Minsk shahri va O‘zbekistonning Beshariq tumanlari videoaloqa orqali bog‘lanib yangi korxona qurilishini boshladi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Yuriy Shuleyko, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va boshqalar ishtirok etdi.
– Tumanimizda 20 tadan ortiq yangi eksport qiluvchi korxonalar tashkil etildi. Shunday qilib eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni jami 50 taga yetdi, – deydi Beshariq tumani hokimining o‘rinbosari Bunyodbek Mavlonov. – Bu yilgi eksport ko‘rsatkichlarimiz shularning hisobiga ikki barobarga oshirilib, 76 million dollarga yetkaziladi. Undan 56 million dollari qishloq xo‘jalik mahsulotlariga tegishli.
Ha, endigi ustuvor vazifa savdo hajmini oshirishgina emas, hamkorlikdagi ishlab chiqarishlarni barpo etish bo‘lib qoldi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OHdWRGF2MsI" title="Beshariqqa belaruslik hamkorlar keladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (+video), O‘zA