Skrining — hayot va umid kafolati
Sirdaryo viloyatida xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish, onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash va tibbiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan keng qamrovli tibbiy-ma’rifiy aksiya o‘tkazildi. Tadbir Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashabbusi bilan markazning Sirdaryo viloyati filiali hamda Guliston shahar tibbiyot birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.
Bugungi kunda jahon miqyosida ayollar o‘rtasida eng ko‘p uchraydigan xavfli kasalliklardan biri — bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonidir. Mutaxassislar fikricha, ushbu kasalliklarning aksariyati kech aniqlanayotgani og‘ir asoratlar va o‘lim holatlarining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois aholi o‘rtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish, ayniqsa skrining tekshiruvlarini keng joriy etish dolzarb vazifaga aylangan.
Sirdaryoda tashkil etilgan mazkur tibbiy aksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur qarorga muvofiq 2025–2030-yillarda bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish davlat dasturini amalga oshirish belgilangan. Ushbu dastur doirasida skriningning klinik standartlari tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, ko‘krak bezi saratonini erta bosqichda aniqlash maqsadida skrining-registr va kanser-registr tizimlari amaliyotga joriy etilgani ham tizimdagi muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Bu esa xavfli kasalliklarni o‘z vaqtida aniqlash, bemorlarni doimiy nazoratga olish va davolash samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Uch kun davom etgan aksiya doirasida tibbiyotning bir nechta muhim yo‘nalishlari qamrab olindi. Dastlab viloyatdagi laboratoriya xizmatlari faoliyati tahlil qilinib, ularning zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanganlik darajasi, tekshiruvlar sifati va tashxislar aniqligi o‘rganildi. Mutaxassislar tomonidan soha xodimlariga amaliy tavsiyalar berildi.
Keyingi bosqichda tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan onkoginekologlar, ginekologlar hamda akusherkalar uchun seminar-treninglar tashkil etildi. Mashg‘ulotlarda saraton kasalliklarini erta aniqlashning zamonaviy usullari, profilaktika choralari va bemorlar bilan ishlashning samarali mexanizmlari muhokama qilindi.
Aksiyaning eng muhim qismi esa aholi bilan bevosita ishlash jarayoni bo‘ldi. Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada 30, 40 va 50 yosh toifasidagi xotin-qizlar uchun bepul skrining ko‘riklari tashkil etildi. Shifokorlar tomonidan ayollarga kasalliklarning kelib chiqish sabablari, xavf omillari, profilaktika choralari va davolash usullari haqida batafsil tushuntirish ishlari olib borildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, skrining dasturlari kasallikni dastlabki bosqichda aniqlash, samarali davolash imkoniyatlarini kengaytirish va saraton bilan bog‘liq o‘lim holatlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo filiali direktori, oliy toifali akusher-ginekolog Shahlo Xojayevaning ta’kidlashicha, bu kabi tibbiy aksiyalar nafaqat kasalliklarni erta aniqlash, balki aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni shakllantirishda ham muhim ahamiyatga ega.
– Bugungi kunda ayollar salomatligini muhofaza qilish nafaqat tibbiyot tizimining, balki jamiyatning eng muhim vazifalaridan biridir. Ayniqsa, bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni kabi kasalliklarni erta aniqlash orqali ko‘plab og‘ir asoratlar va o‘lim holatlarining oldini olish mumkin. Eng muhimi, ayollarda o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashish, muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tish madaniyati shakllanmoqda. Bu esa sog‘lom oila va sog‘lom avlodni ta’minlashga xizmat qiladi, – deydi mutaxassis.
[gallery-29538]
– Eng muhimi, har bir ayol o‘z salomatligiga befarq bo‘lmasligi, muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishi lozim. Chunki erta tashxis — uzoq umr garovi, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassisi Dilbar Ahmedova.
Bu kabi tibbiy-ma’rifiy tadbirlar nafaqat kasalliklarning oldini olish, balki aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilishda ham muhim ahamiyatga ega.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA