Qonun talablariga rioya qilmagan 43 nafar xodimga chora ko‘rildi – “O‘zenergoinspeksiya”
Energetika sohasida tekshiruvlarni qonuniy asosda tashkil etish hamda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. "O‘zenergoinspeksiya" rahbari Dadajon Isaqulov boshchiligida o‘tkazilgan tadbirda Biznes-ombudsman devoni tomonidan amalga oshirilgan o‘rganishlar natijalari asosida inspeksiya faoliyati tanqidiy tahlil qilindi.
Yig‘ilishda tadbirkorlik sub’ektlarida tekshiruv o‘tkazish jarayonlarida qonun talablariga qat’iy rioya qilish, tadbirkor va tekshiruvchilarning huquq hamda majburiyatlarini aniq belgilash masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Xususan, 2025-yil davomida belgilangan tartib-qoidalarga amal qilmagan Inspeksiyaning 43 nafar xodimiga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilgani qayd etildi.
Muhokamalar chog‘ida tekshiruvlarni qonuniy va shaffof tarzda tashkil etish, tadbirkorlar huquqlarini ta’minlash, vakolatli organlarni o‘z vaqtida xabardor qilish hamda profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, hududlarda ishlarni talab darajasida tashkil etmagan va sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ullar keskin tanqid qilinib, ularga nisbatan qat’iy ogohlantirishlar e’lon qilindi.
Yig‘ilishda korrupsiyaning oldini olish, energiya resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, energetika ob’ektlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyaviy holatlarning oldini olish hamda ekspluatatsiya ishlarini to‘g‘ri tashkil etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilish yakunida hududiy boshqarmalar faoliyatidagi mavjud kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, kelgusida ish samaradorligini oshirishga qaratilgan tegishli ko‘rsatmalar taqdim etildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA