Tadbirkordan undirish uchun ko‘rsatilgan 3,2 milliard so‘m bekor qilindi
Oliy sud sudyasi I.Tojiyev raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida Biznes-ombudsman tomonidan «S.M.S.K.» MCHJ manfaatida kiritilgan taftish shikoyati ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, Qashqadaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi MCHJ tomonidan 2024-yil 27-avgustda auksion orqali ijara huquqi bilan sotib olingan yer maydoni uchun keyinchalik qariyb 3,2 milliard so‘m miqdorida qishloq xo‘jaligi nobudgarchiligini undirishni talab qilib, sudga da’vo kiritgan. Quyi sudlar bu da’voni qanoatlantirgan.
Yer kodeksining 28 va 87-moddalariga auksion orqali yer sotib olganlardan ham nobudgarchilik summasini undirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar 2025-yil 5-maydagi 1062-sonli qonun bilan kiritilgan. Tadbirkor esa yerni 2024-yilda sotib olgan. «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 41-moddasiga asosan, ushbu yangi talabni orqa muddatga qaratib qo‘llash noqonuniy.
«Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasiga ko‘ra, vijdonan harakat qiluvchi tadbirkorning davlat hujjatiga (auksion bayonnomasiga) bo‘lgan ishonchi qonun bilan qo‘riqlanadi. Auksion lotida ham, oldi-sotdi shartnomasida ham hech qanday qo‘shimcha to‘lov yoki nobudgarchilik summasi nazarda tutilmagan. Davlat organi qoidalarni keyinchalik bir tomonlama o‘zgartirishi mumkin emas.
Tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlik faoliyati sub’ekti huquqlarining ustuvorligi prinsipi amal qilib, unga muvofiq qonunchilikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati sub’ektining foydasiga talqin etiladi.
Oliy sud Biznes-ombudsman taftish shikoyatida keltirilgan dalillarni inobatga olib, quyi instansiya sudlarining qarorlarini bekor qildi va Qishloq xo‘jaligi boshqarmasining MCHJdan 3,2 milliard so‘m undirishga oid da’vosini rad etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA