Sirdaryoda shamol eroziyasiga qarshi “Yashil devor” barpo etiladi
Sirdaryo viloyatining qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh hududlarida shamol eroziyasi va chang-to‘zonlarning salbiy ta’sirini kamaytirish, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 84 kilometr uzunlikda himoya o‘rmonzorlari va “yashil belbog‘”lar barpo etilmoqda.
Bu boradagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-martdagi "Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori doirasida amalga oshirilmoqda.
Qarorga muvofiq, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo, Mirzaobod, Oqoltin va Xovos tumanlarining Qozog‘iston va Tojikiston respublikalari bilan chegaradosh hududlarida ihota daraxtzorlari hamda “yashil belbog‘”lar barpo etish belgilangan. Buning uchun dastlab 158,7 gektar yer maydoni ajratilishi va 84 kilometr uzunlikda himoya o‘rmonzorlari tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Shunga muvofiq, Sirdaryo viloyati hokimining 2026-yil 28-yanvardagi «Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligiga “Yashil belbog‘” barpo etish uchun yer maydonlari ajratish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.


Amalga oshirilgan xatlov va o‘rganishlar natijasida Mirzaobod tumanida 11,36 gektar, Oqoltin tumanida 39,97 gektar, Xovos tumanida 28,35 gektar hamda Sirdaryo tumanida 79,01 gektar, jami 158,7 gektar yer maydoni tanlab olindi. Mazkur hududlar umumiy hisobda 84 kilometrlik chegara chizig‘ini qamrab oladi.
Barpo etiladigan “yashil belbog‘”lar kuchli shamol va chang-to‘zonlarning salbiy ta’sirini kamaytirish, tuproqning shamol eroziyasiga uchrashining oldini olish, yerlar degradatsiyasini cheklash hamda qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Loyiha doirasidagi ishlar 2026–2027-yillarda bahor va kuz mavsumlarida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda Mirzaobod, Xovos va Oqoltin tumanlaridagi 79,68 gektar yer maydonida loyihalash ishlari yakunlangan bo‘lib, tegishli ekspertiza xulosasi olinishi kutilmoqda.
Loyihaning dastlabki amaliy natijalari ham ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh Mirzaobod tumani hududida “yashil belbog‘” barpo etish ishlari boshlandi. Bahorgi mavsumda chegara hududining 3,5 kilometrlik qismida 10 mingdan ortiq ko‘chat ekildi.

— Ayni vaqtda shamol eroziyasiga qarshi “yashil devor” barpo etish ishlari nafaqat Mirzaobod tumanida, balki Sirdaryo, Oqoltin va Xovos tumanlarining chegaradosh hududlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Har bir hududning tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib, loyihalash ishlari olib borilmoqda.
Barpo etiladigan ihota daraxtzorlari kuchli shamol va chang-to‘zonlarning salbiy ta’sirini kamaytirish, tuproq eroziyasining oldini olish hamda qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilishda muhim tabiiy to‘siq vazifasini bajaradi. Eng muhimi, bugun ekilayotgan har bir ko‘chat kelajakda hududning ekologik barqarorligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi. Shu bois loyihani sifatli amalga oshirish, ko‘chatlarning tutuvchanligini ta’minlash va ularni muntazam parvarish qilishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, — deydi Sirdaryo viloyati o‘rmon xo‘jaligi direktori vazifasini bajaruvchi Quvondiq Hakimov.
Mazkur ishlar kelgusida himoya o‘rmonzorlarini kengaytirish, chegara hududlarida yashil maydonlarni ko‘paytirish hamda tabiiy omillarning aholi va qishloq xo‘jaligi yerlariga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhim qismi hisoblanadi.

Umuman, Sirdaryoda barpo etilayotgan “yashil belbog‘” shunchaki daraxt ekish tadbiri emas, balki hududni shamol eroziyasi, chang-to‘zon va cho‘llanish jarayonlaridan muhofaza qilishga qaratilgan uzoq muddatli ekologik loyihadir. Chegaradosh hududlarda shakllantirilayotgan ushbu “yashil devor” kelgusida tabiiy himoya to‘sig‘i vazifasini o‘tab, hudud ekologik barqarorligini mustahkamlashga zamin yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri