Yoshlar xabardorligi – ishonchli himoya
OIV infeksiyasiga qarshi kurashda eng samarali vositalardan biri – xabardorlik. Inson xavfni, uning yuqish yo‘llarini va himoya choralarini qanchalik yaxshi bilsa, o‘z salomatligiga shunchalik mas’uliyat bilan yondashadi.
Jizzax politexnika institutida Jizzax viloyat OITSga qarshi kurashish markazi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan profilaktik tadbirda ana shu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Unda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari va tyutorlar ishtirok etib, talaba-yoshlar o‘rtasida profilaktika ishlarini kuchaytirish masalalarini muhokama qildi.

Muloqotda OIV infeksiyasining yoshlar orasida tarqalish holatlari tahlil qilinib, aniqlangan holatlarning 65,5 foizi 18-39 yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Bu raqam profilaktik tushuntirish ishlarini aynan yoshlar muhitida izchil davom ettirish zarurligini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar OIV infeksiyasining yuqish yo‘llari va undan saqlanish choralarini tushuntirdi. Xususan, infeksiya qon orqali, himoyalanmagan jinsiy aloqa jarayonida hamda onadan bolaga yuqishi mumkinligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, OIV qo‘l berish, quchoqlashish, birga ovqatlanish yoki oddiy kundalik muloqot orqali yuqmasligi haqidagi tushuncha ham alohida urg‘ulandi.

Zero, OIV haqidagi noto‘g‘ri qarashlar ba’zan kasallikning o‘zidan ko‘ra og‘irroq ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois profilaktika faqat tibbiy bilim berish emas, balki insonga inson sifatida munosabatda bo‘lish madaniyatini ham shakllantirishdir.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-14-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 84-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida profilaktik ishlarni kuchaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ishtirokchilarga xavfsiz hayot tarziga amal qilish, tibbiy muolajalarda steril vositalardan foydalanish va OIV bo‘yicha testdan o‘z vaqtida o‘tishning ahamiyati tushuntirildi. Bu kabi uchrashuvlar bilimni yangilash bilan cheklanmay, har bir insonning o‘z salomatligi va atrofdagilar taqdiriga mas’uliyatini yanada oshiradi.
Eng muhimi, OIV profilaktikasi bir martalik tadbir bilan cheklanadigan vazifa emas. U muntazam tushuntirish, to‘g‘ri axborot va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashni talab etadi. Jizzax politexnika institutidagi bu muloqot ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri