Oksford auditoriyasidan O‘zbekistonga: til, tarix va madaniyat muloqoti
Bugun “El-yurt umidi” jamg‘armasida “Oksford o‘zbekshunoslik dasturi” doirasida davra suhbati o‘tkazildi.
Jamg‘arma stipendiatlari, Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti talabalari, hamkor tashkilotlar vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etgan tadbirda dasturning dastlabki natijalari, “Yozgi maktab” davomida orttirilgan tajriba, o‘zbek tilini xalqaro akademik makonda o‘qitish istiqbollari hamda xorijiy o‘zbekshunoslarning yangi avlodini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida: “Oksford o‘zbekshunoslik dasturi” loyihasi “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Oksford universiteti va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Dasturning asosiy maqsadi — o‘zbek tili, tarixi va madaniyatining xalqaro akademik maydondagi o‘rnini mustahkamlash, ushbu yo‘nalishlarda tizimli tadqiqotlar olib borish uchun sharoit yaratish hamda O‘zbekistonni chuqur o‘rganuvchi xorijiy tadqiqotchilarning yangi avlodini yetishtirishdir.
Dastur ish boshlaganidan buyon Oksford universitetining 20 nafardan ortiq talaba va tadqiqotchisi zamonaviy o‘zbek hamda chig‘atoy tillari kurslariga jalb etildi.
Oksford auditoriyalarida boshlangan loyiha bugun xalqimizning tarixiy xotirasi hamda madaniy merosi mujassam bo‘lgan makon — O‘zbekistonda davom etmoqda.
“Yozgi maktab” loyihasi joriy yil 27-avgustdan 23 sentabrgacha o‘tkazilmoqda. Dastur ishtirokchilari o‘quv yili davomida o‘zlashtirgan nazariy bilimlarini bevosita til muhiti, akademik mashg‘ulotlar va jonli madaniy muloqot orqali mustahkamlamoqda.
“Yozgi maktab”ning dastlabki kunlaridanoq ishtirokchilar uchun mazmunan boy va jadallashgan ta’lim dasturi tashkil etildi. Unda o‘zbek tilining kundalik turmushdagi o‘rni, shaxsiy qiziqishlar, milliy taomlar, bozor madaniyati, oilaviy an’analar, bayramlar, milliy o‘yinlar, musiqa va madaniy merosga bag‘ishlangan mavzulari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, talabalar O‘zbekiston tarixi va madaniy merosi, chig‘atoy tili hamda qadimiy qo‘lyozmalar asoslariga oid ma’ruza va seminarlarni tingladilar. O‘zbek kulolchiligi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar, milliy raqs va san’at namoyishlari esa ularga xalqimiz madaniyatini nafaqat nazariy jihatdan o‘rganish, balki bevosita his etish imkonini ham berdi.
Dastur doirasida ishtirokchilar “UzAcademy” ta’lim platformasi bilan ham tanishib, o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganishga mo‘ljallangan raqamli imkoniyatlar haqida ma’lumot olishdi.
Auditoriyadagi mashg‘ulotlar Toshkent bo‘ylab tashkil etilgan ilmiy-ma’rifiy va madaniy tashriflar bilan uyg‘unlashtirildi. Xususan, “Yozgi maktab” ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosi hamda O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, Oksford universiteti talabalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondiga ham tashrif buyurdilar. Ular qo‘lyozmalarni ta’mirlash ustaxonasida qadimiy manbalarni asrab-avaylash jarayonini jonli kuzatib, fondlarda saqlanayotgan nodir asarlarni ko‘zdan kechirishdi. Aytish kerakki, asrlar davomida saqlanib kelayotgan ushbu bebaho manbalar ularga o‘zbek xalqining ilmiy, adabiy va ma’naviy merosini chuqurroq anglash imkonini berdi.
Bundan tashqari, dastur ishtirokchilari O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Mustaqillik maydoni, Amaliy san’at muzeyi, “Navro‘z” bog‘ini borib ko‘rdilar. Shu tariqa til darslik va auditoriya doirasidan chiqib, tarixiy obidalar, muzeylar, qo‘lyozmalar, san’at namunalari va kundalik muloqot orqali jonli mazmun kasb etmoqda. Ishtirokchilar o‘zbek tilidagi har bir yangi so‘z ortida xalqning tarixi, dunyoqarashi va madaniy xotirasi mavjudligini amalda his qilmoqdalar.
Kelgusi haftada “Yozgi maktab” ishtirokchilari uchun Samarqand va Buxoro shaharlariga ilmiy-ma’rifiy ekspeditsiyalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Safarlar davomida ular tarixiy obidalar, muzeylar, kutubxonalar, hunarmandchilik markazlari va an’anaviy madaniy maskanlarda bo‘lib, o‘zbek tili va tarixini asl muhitida o‘rganishni davom ettiradilar.
Ushbu ekspeditsiyalar talabalarga Markaziy Osiyoning yirik ilm-fan va madaniyat markazlari sifatida shakllangan Samarqand va Buxoroning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rnini chuqurroq anglash, yozma manbalar bilan me’moriy meros o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rish imkonini beradi.
“Oksford o‘zbekshunoslik dasturi” bir martalik tanishuv kursi bilan cheklanmay, o‘zbek tili va mumtoz yozma merosini tizimli o‘rganishga qaratilgan barqaror akademik yo‘nalishni shakllantirmoqda. Loyiha mintaqalar o‘rtasida ilmiy-madaniy ko‘prik yaratish, tamaddunlar tarixi muloqotini chuqurlashtirish hamda O‘zbekiston haqidagi xalqaro akademik bilimlarni boyitishga xizmat qiladi.
[gallery-31310]
Abdug‘afur Mamatov,
O‘zA