Sirdaryoda ommaviy yugurish marafoni o‘tkazildi
Guliston shahrida «Harbiy yugur» va «Talaba – yugur» ommaviy sport musobaqalari doirasida 3 kilometr masofaga yugurish marafoni o‘tkazildi. Unda harbiy xizmatchilar, talabalar, turli soha vakillari hamda sportsevar yoshlardan iborat 2 mingga yaqin ishtirokchi o‘z jismoniy tayyorgarligini sinab ko‘rdi.
Musobaqa aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yoshlarni sportga jalb etish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va jismoniy faolligini oshirish maqsadida tashkil etildi.
Erta tongda Guliston shahar istirohat bog‘i oldidan start olgan yugurish «Do‘stlik» kanali bo‘ylab davom etdi. Ishtirokchilar belgilangan yo‘nalish bo‘yicha 3 kilometr masofani bosib o‘tib, tezlik, chidamlilik va jismoniy tayyorgarligini namoyon etdi.
Tadbir Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi boshqarmasi, Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Marafonda yoshlar, xususan, talabalar faol ishtirok etdi. Guliston davlat pedagogika instituti talabasi Ziyoda Tojiboyeva ham 3 kilometrlik masofani bosib o‘tdi.
— Bunday tadbirlar yoshlarni sportga qiziqtiradi, faol bo‘lishga undaydi. Bugun tengdoshlarim bilan birga yugurib, yaxshi taassurot oldim. Sportni kundalik hayotimizga singdirish muhim, — dedi talaba.
Guliston shahar sport maktabi shifokori Tolib Ismatullayevning ta’kidlashicha, muntazam jismoniy faollik inson salomatligini asrashda muhim omillardan biri.
— Inson yoshligidan harakatga odatlansa, bu uning keyingi hayot tarziga ham ta’sir qiladi. Ommaviy yugurishlar esa odamlarni bir maqsad atrofida birlashtirib, sportga qiziqishni kuchaytiradi, — deydi u.
Musobaqa davomida ishtirokchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yuzaga keldi. Ayrimlar yuqori natija qayd etish uchun tezlikni oshirgan bo‘lsa, boshqalar uchun belgilangan masofani bosib o‘tishning o‘zi muhim natija bo‘ldi. Shu tariqa marafon professional sportchilar bilan bir qatorda jismoniy faollikka qiziquvchi aholi va yoshlarni ham bir maydonga jamladi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, harbiy xizmatchilar o‘rtasida erkaklar bahsida Faxriddin Amitov, ayollar o‘rtasida esa Mohira Niyozova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. «Talaba – yugur» musobaqasida Lochinbek Jumayev va Saida Tog‘ayeva birinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar musobaqa yakunida tashkilotchilar tomonidan taqdirlanishdi.
Gulistonda o‘tkazilgan mazkur marafon ommaviy sportni aholi hayotiga yanada kengroq olib kirish, yoshlarni muntazam jismoniy faollikka jalb etish va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi tadbir bo‘ldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat)O‘zA