I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumida xalqaro hamkorlik kengaymoqda
Bugun O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi doirasida xalqaro uchrashuv va bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda Xalqaro universitet sport federatsiyasi (FISU) prezidenti Leonz Eder, FISU Bosh kotibi o‘rinbosari Fernando Silva Parente, Markaziy Osiyo talabalar sporti federatsiyasi prezidenti Qayrat Qayratullinovich, Mo‘g‘uliston talabalar sporti federatsiyasi Bosh kotibi Jargalsayxan Dorjsuren, Tojikiston talabalar sporti federatsiyasi raisi Shodi Safarov hamda O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro mehmonlar dastlab universitet muzeyi bilan tanishib, oliygohning faoliyati, ta’lim jarayoni va sport infratuzilmasi haqida ma’lumot oldi.
Shundan so‘ng o‘tkazilgan uchrashuvda talabalar sportini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va almashish hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda FISU o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Forum doirasida FISU prezidenti Leonz Eder boshchiligidagi delegatsiya Olimpiya shaharchasiga ham tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonlar Sport vazirligining ma’muriy binosida tashkil etilgan Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida Olimpiya va Paralimpiya harakati tarixi, O‘zbekiston sportining rivojlanish bosqichlari, mamlakatimiz sportchilarining xalqaro musobaqalardagi yutuqlari, shuningdek, sport sohasiga oid noyob eksponatlar va tarixiy materiallar bilan tanishdi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Olimpiya shaharchasidagi zamonaviy sport inshootlari, o‘quv-mashg‘ulot bazalari hamda sportchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur zamonaviy va noyob sport majmuasi mamlakatda sport infratuzilmasini rivojlantirish, yuqori malakali sportchilarni tayyorlash hamda xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, sportchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuksak baholadi.
Shu bilan birga, Sport vaziri o‘rinbosari Murod Ismailov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda FISU a’zolari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sport infratuzilmasini takomillashtirish hamda kelgusida xalqaro musobaqalarni O‘zbekistonda o‘tkazish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish va o‘zaro tajriba almashishni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Almurod Mamadaminov (surta), O‘zA