Sirdaryoda kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
Sirdaryo viloyatida kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Qiymati 1,5 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur loyiha doirasida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari yaratilib, 200 ta yangi ish o‘rni ochiladi. Eng muhimi, ichki bozor uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish bilan birga, kelgusida ularni tashqi bozorlarga eksport qilish ham rejalashtirilgan.
Mazkur loyihani amalga oshirishning tashkiliy va huquqiy jihatlari Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi. Unda viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Nodir Salimjonov, viloyat Investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Maxsum Saliyev, boshqarmaning mas’ul xodimlari hamda «Saena» MCHJ rahbariyati ishtirok etdi.
Muloqot davomida respublikaga olib kiriladigan zamonaviy texnologik uskunalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish, ishlab chiqarish uchun zarur xomashyoni import qilish, bojxona imtiyozlaridan foydalanish tartibi hamda amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan yengilliklar xususida atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, tadbirkorlarga Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida texnologik uskunalarni import qilishda qo‘llaniladigan bojxona imtiyozlari, import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha amal qilayotgan yengilliklar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Muhokamalar chog‘ida eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi «Bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimi doirasida tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, mazkur tartibning iqtisodiy afzalliklari va uni amaliyotda qo‘llash mexanizmlari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, loyihaning amalga oshirilishi viloyat sanoat salohiyatini yuksaltirish, aholi bandligini ta’minlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish hamda raqobatbardosh, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirishga zamin yaratadi.
Tomonlar o‘rtasidagi muloqot yakunida investitsiya loyihasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish, tadbirkorlar faoliyatida yuzaga keladigan bojxonaga oid masalalarni tezkor hal etish hamda investorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri