Sintobliklar orzusi ushaldi
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida yurtimizning barcha hududlarida obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari keng quloch yozmoqda. Sayxunobod tumanidagi Sintob mahallasida amalga oshirilgan yo‘lsozlik ishlari ham ana shu ezgu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Yillar davomida qoniqarsiz holatdagi yo‘llardan foydalanib kelgan mahalla aholisi uchun yangi asfalt qoplamasi katta quvonch va munosib bayram tuhfasiga aylandi.
Davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va infratuzilmani yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sintob mahallasidagi o‘zgarishlar ham shu maqsadlar bilan uyg‘un. Davlatimiz rahbarining qarori ijrosi doirasida mahallaning ichki ko‘chalarida keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Yassaviy, Behbudiy, Bodomzor, Intizor, Uvaysiy, Nastarin, Hunarmand-1 berk, Marjonbuloq hamda Bog‘i Eram ko‘chalarining jami 3,8 kilometr qismiga zamonaviy asfalt qoplamasi yotqizildi.

Bu o‘zgarishlar 5940 nafar aholi istiqomat qiladigan 827 ta xonadon uchun muhim qulaylik yaratdi. Ilgari shag‘al va notekis yo‘llardan foydalanib kelgan mahalla ahli, ayniqsa, yomg‘irli kunlarda harakatlanishda qiyinchiliklarga duch kelar edi. Yangi asfalt qoplamasi tufayli piyodalar va transport vositalari harakati ancha yengillashdi. Tez tibbiy yordam, kommunal va boshqa xizmatlarning mahallaga yetib borishi uchun ham qulay sharoit yaratildi.

— Mahallamizning asosiy iqtisodiy drayver yo‘nalishlari dehqonchilik va chorvachilik hisoblanadi. Aholi bandligini ta’minlash maqsadida chorvachilik, issiqxona xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda ham imkoniyatlar kengaytirilmoqda. So‘nggi bir yilda 156 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi, — deydi «Sintob» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Azamat Jo‘rayev.

Darhaqiqat, bugun mahallada infratuzilmani yaxshilash bilan bir qatorda, aholining daromad manbalarini ko‘paytirishga ham ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Zero, obod infratuzilma va barqaror bandlik aholi farovonligining muhim tayanchidir.
«Obodlik va mehr-saxovat» oyligi doirasida ham mahallada keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borildi. 15 ta ichki ko‘chaga zamonaviy asfalt qoplamasi yotqizilib, obodonlashtirish ishlari bilan qamrov 100 foizga yetkazildi.

Aholi bu o‘zgarishlarni Mustaqillikning 35 yilligi arafasidagi munosib tuhfa sifatida qabul qilmoqda. Chunki ravon yo‘l, obod ko‘cha va qulay infratuzilma — aholi kundalik hayotini yengillashtiradigan, turmush sharoitini yaxshilaydigan muhim qulayliklardir.
— Sintobdagi o‘zgarishlar aholi hayotida yaqqol sezilmoqda. Yo‘llarimiz obod bo‘ldi, harakatlanish osonlashdi. Buning uchun, avvalo, Prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz, — dedi mahalla faoli Sohibnazar Sohibov.
Mahalladagi ishlar bu bilan cheklanmaydi. Kelgusida ishsiz fuqarolar sonini yanada kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshiriladi. Jumladan, «Yashil mahalla» loyihasi doirasida daraxt ekish, gulzorlar barpo etish va tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish rejalashtirilgan. Xotin-qizlarning tadbirkorlik faolligini oshirish maqsadida tikuvchilik, pazandachilik, hunarmandchilik va onlayn savdo yo‘nalishlarida o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Sintobdagi bunyodkorlik ishlarida mahalla aholisining faol ishtiroki ham alohida e’tiborga loyiq. Hasharlar, xayriya tadbirlari va umumiy jamoat ishlarida aholi hamjihatlik bilan qatnashib, mahalla obodligiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Bugun Sintobdagi yangilanishlar faqat asfaltlangan ko‘chalarda emas. Ular aholining kundalik turmushida, kayfiyatida, yangi imkoniyatlarida va ertangi kunga bo‘lgan ishonchida ham namoyon bo‘lmoqda.

Mustaqillikning 35 yilligi arafasida Sintobdagi bu yangilanishlar inson qadri va aholi farovonligiga qaratilgan islohotlarning mahalladagi amaliy ifodasidir. Zero, obod mahalla — farovon hayotning, barqaror daromad esa oila xotirjamligining muhim kafoltidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri